Tungi klubda janjal
3-sahifa
−
17 mart
7402Toshkentdagi tungi klublardan birida dahshatli janjal sodir bo‘ldi. Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 16 mart kuni tungi soat 02:30 larda Yakkasaroy tumanida joylashgan restoranlardan birida mijoz sifatida kelgan 1995 yilda tug‘ilgan erkak 1985 yilda tug‘ilgan tanishi bilan o‘rtalarida kelib chiqqan nizo sababli o‘zaro janjallashgan. 1990 yilda tug‘ilgan shaxs ularni ajratishga harakat qilgan vaqtida biri uni urib tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda tan jarohati olgan erkak “bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish” tashxisi bilan shifoxonaga olib borilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etayotgani aytilgan.
“Tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi IIBB axborotida.
Ijtimoiy tarmoqlarda jarohat olgan yigitni taniganlar u bir necha soatlik operatsiyani boshdan o‘tkazganini yozmoqda.
“Yigit hodisa oqibatida bosh suyagining sinishi, miya shishi, miya qon ketishi, chap tomonda chakka suyagining chiziqli sinishi, o‘ngda parietal suyakning sinishi jarohatini olgan. Favqulodda 5 soatlik operatsiya o‘tkazildi, shundan so‘ng u sun’iy komaga tushirildi. Uning hayoti xavf ostida!”, deb yozmoqda tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
Yozilishicha, jarohat olgan erkakning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Uni taniganlar, aybdor jazosini olishi, javobgarlikdan qutulib qolmasligi kerak, deb yozmoqda.
Bu tungi klublarda sodir bo‘lgan birinchi holat emas, bundan bir necha kun oldin Farg‘onadagi klubda ham shunga o‘xshagan voqea sodir bo‘lgandi.
Janjal 21 fevral kuni Farg‘ona shahar Oftob ko‘chasida joylashgan “Verona” nomli kompyuter o‘yinlar klubida sodir bo‘lgan. O‘shanda klub xodimlarini urib tan jarohati yetkazgan yigit farg‘onalik tadbirkorning o‘g‘li ekani aytilgandi. Yigit janjal davomida o‘zini Otabek Vallomov deb tanishtirgan va kerak bo‘lsa, klubni sotib olishini aytgan.
Farg‘ona viloyat IIB bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 1998 yilda tug‘ilgan, Farg‘ona shahrida yashovchi Otabek Baxtiyorjon o‘g‘li Vallomov 21 fevral kuni tanishlari bilan bir guruh bo‘lib, mazkur o‘yingohda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat joyida baqir-chaqir qilib, jamoa tartibini va mijozlarning tinchligini buzib, shovqin solgan.
Klub ish yurituvchisi ularni tartibga chaqirgan paytda janjal chiqarib, uning tanasining turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan. Bundan tashqari, Otabek Vallomov o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, janjalning oldini olishga uringan xodimni urib, tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Otabek Baxtiyorjon o‘g‘li Vallomov hamda uning besh nafar sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi(Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “b”, “ye”, “k” bandlari hamda 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Yodingizda bo‘lsa, erkin kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi Jamshid Kenjayev bilan ham shunga o‘xshash hodisa sodir bo‘lgan edi. Sportchi 2018 yil 8 avgust kuni Toshkent shahridagi “Aurum-898” tungi klubida qo‘riqchilar bilan yuzaga kelgan janjal oqibatida pichoqlab o‘ldirilgan. Mazkur hodisa jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi o‘shanda.
Sud hukmi bilan sudlanuvchi Shodali Qilichov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v”, “j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, boshqa sudlanuvchilar Saidazim Kamoliddinov, Alijon Hamroyev va Jahongir Yorqulov har biri 5 yildan ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, sud Jamshid Kenjayevning oilasiga ma’naviy zarar uchun 300 million so‘m to‘lanishini belgilagan. Sud vaqtida sportchining otasi farzandini o‘limiga sabab bo‘lganlar umrbod qamoqqa hukm qilinishini so‘ragandi.
“Yotgan odamga yordam berishga hech kimni yaqinlashtirishmay, atrofini o‘rab turishibdi. Buni videotasvirda ko‘rish mumkin. Bolam bechora o‘sha yerda 45-48 daqiqa yotgan. Salkam bir soat yotgan o‘sha joyda”, deydi Kenjayevning otasi jurnalistlar bilan muloqotda.
Sportdagi yaxshi natijalar qayd etgan YTH oqibatida vafot etgan Murod Xonto‘rayev bilan ham shunga o‘xshash hodisa sodir bo‘lgani yodingizda bo‘lsa kerak.
2018 yil 9 iyun kuni Toshkent shahridagi restoranlardan birida Murod Xonto‘rayev pichoqlab ketilgandi. U shifoxonaga yotqizilgan va jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgan. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov ishlari olib borilgan. Lekin Xonto‘rayev mardlik ko‘rsatib, ushbu jinoyat bo‘yicha da’vo arizasi bermagan va suddan jazoni yengillashtirilishini so‘ragandi.
Tungi klublar, kechasi bilan ishlaydigan restoranlarda bu kabi holatlar ko‘p uchraydi. 2024 yili O‘zbekistondagi sudlarda 61 481 ta jinoiy ish ko‘rib chiqilgan va birinchi instansiya sudlarida eng ko‘p ko‘rilgan jinoyat ishlari Toshkent shahrida qayd etilgan. Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan 3 223 kishi qamalgan. Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish deb ancha zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar bezorilik deb baholanadi. Qamalganlarning qanchasi aynan tungi klub, yo restoranlardan chiqqan janjalda jinoyatchiga aylangani ma’lum emas.
LiveBarchasi