To‘qayev “yanvar voqealari”ning asl sababini aytdi
Olam
−
21 yanvar 2022
12979Qozog‘istonda yanvar oyidagi tartibsizliklarning asl sababi boylar va kambag‘allar daromadlari o‘rtasidagi tafovut bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Sizga yaxshi ma’lum bo‘lgan korrupsiya fonida daromadlarning bunday tabaqalanishi terrorchilar, jangarilar va ularning ortida turgan fitnachilar tomonidan qo‘llanilgan porox bochkasi yonida yondirilgan gugurt rolini o‘ynadi”, degan davlat rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sodir bo‘lgan voqealar yillar davomida to‘planib kelayotgan muammolarni fosh qilgan.
“Bugungi kunda oldimizda butun ijtimoiy tuzilmani chuqur o‘zgartirishdek strategik vazifa turibdi. Bizga Qozog‘iston fuqarolarining intilishlari va manfaatlariga javob beradigan haqiqiy islohotlar kerak”, deya xulosa qilgan To‘qayev.
Qozog‘istondagi tartibsizliklar
2022 yilning ilk kunlarida Qozog‘istonda yoqilg‘i narxi oshishi sababli boshlangan norozilik namoyishlari tartibsizliklarga aylandi. Odamlar ko‘chalarga chiqdi, Olma-otada va boshqa ba’zi shaharlarda xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlar va talonchilik boshlandi, jangarilar davlat muassasalariga hujum qildi. Mamlakat hududida favqulodda holat joriy etildi, hukumat iste’foga chiqarildi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev yoqilg‘i sotish narxlarini tartibga solishni buyurdi, sodir bo‘layotgan voqealarni tashqi agressiya deb atadi va yordam so‘rab KXSHT bo‘yicha hamkorlariga murojaat qildi.
Tashkilot a’zolari Respublikaga ma’muriy va diplomatik binolarni qo‘riqlash bilan shug‘ullanuvchi hamda mahalliy harbiylarga huquq-tartibotni saqlashda ko‘maklashuvchi kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yubordi. Hozirda tinchlikparvar kuchlar Qozog‘istonni tark etgan.
Yanvar voqealari natijasida 695 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi, jumladan, 19 nafar xavfsizlik xizmati xodimlari halok bo‘lgan. BMT mingga yaqin yaralanganlar haqida xabar bergan.
LiveBarchasi