To‘qayev to‘polonlar vaqtida terrorchilar nega Olma-ota aeroportini egallaganini aytdi

Olam

image

Yanvar oyidagi tartibsizliklar paytida terrorchilar Olma-ota aeroportini keyinroq shaharga boshqa jangarilar to‘siqsiz kirib kelishi va hujumlarni o‘z zimmasiga olishini ta’minlash uchun egallab olgan. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Xabar 24” telekanaliga bergan intervyusida shunday fikr bildirgan.

“Jangarilar Olma-ota aeroportini egallaganiga e’tibor qaratgandirsiz. Hozir tergov shuni ko‘rsatadiki, aeroport Markaziy Osiyoning bir shahridan kelgan fuqarolarning o‘tishini ta’minlash maqsadida qo‘lga olingan. Bular o‘qitilgan jangarilar, qo‘mondonlar edi, ular, tabiiyki, muhojirlar niqobi ostida uchib kelishdi. Ularni chegara postlaridan o‘tkazib, shaharga olib kirishdi va (ular – tahr.) operatsiyaga boshchilik qila boshladilar”, degan To‘qayev.

Qozog‘istonda joriy yilning ilk kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, jangarilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.  

5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.  

7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

241

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing