To‘qayev poytaxtdan Nazarboyevning nomini o‘chirishga ruxsat berdi
Olam
−
13 Sentabr 2022
9023Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahriga avvalgi nomi – Ostonani qaytarish taklifi konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritildi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidentining matbuot kotibi Ruslan Jeldibay ma’lum qildi.
“Ma’lumki, bir guruh parlament deputatlari Qozog‘iston poytaxtiga avvalgi nomi – Ostona shahrini qaytarishni taklif qilgan. Prezidentga bu tashabbus haqida deputatlar ma’lumot berdi. Ular o‘z navbatida aholi bilan uchrashuvlar chog‘ida qayta-qayta bildirilgan takliflar, shuningdek, referendum jarayonida fuqarolarning ko‘plab murojaatlariga tayandi”, deydi matbuot kotibi.
Shuningdek, u konstitutsiyaviy qonun loyihasiga parlament deputatlarining taklifi davlat rahbari roziligi bilan kiritilganligini ta’kidlagan.
“Shu bilan birga, prezidentimiz avvalgi Prezident N.A. Nazarboyevning Qozog‘istonning zamonaviy davlatchiligini mustahkamlash va poytaxtning shakllanishidagi hal qiluvchi rolini tarixiy haqiqat deb biladi. Shuning uchun Birinchi Prezident nomidagi boshqa ob’ektlar o‘z nomini saqlab qolishi kerak”, deydi Jeldibay.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston parlamenti a’zolaridan iborat “Jana Qozog‘iston” (Yangi Qozog‘iston) deputatlar guruhi mamlakat poytaxtiga Ostona nomini qaytarishni taklif qilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston poytaxti 2019 yilning mart oyida respublikani qariyb 30 yil boshqargan Nazarboyev prezidentlikdan ketganidan keyin Ostona nomidan Nur-Sultonga o‘zgartirildi. Bungacha mamlakat parlamenti senati (yuqori palatasi) raisi lavozimida ishlab kelgan Qosim-Jomart To‘qayev davlat rahbari bo‘ldi. To‘qayev lavozimga kirishgach, mamlakat poytaxti Ostona shahrini birinchi prezident sharafiga Nur-Sulton deb o‘zgartirishni taklif qildi. Shu kuni parlament Konstitutsiyaga tegishli tuzatishlarni qabul qildi. Nazarboyevning o‘zi ham uning sharafiga nom o‘zgartirishga qarshi ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi