To‘qayev Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovini o‘tkazmoqchi 

Olam

image

Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘istonda joriy yilning kuzida navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar berdi.

“Men shu yilning kuzida navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni taklif qilaman. Adolatli Qozog‘istonni barpo etish yo‘lidagi keng qamrovli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun xalqning yangi ishonch mandati zarur.

Men uchun davlat manfaatlari hamma narsadan ustun. Shuning uchun men vakolat muddatini qisqartirib, muddatidan oldin prezidentlik saylovlariga borishga tayyorman”, deydi Prezident.

Davlat rahbari so‘zida davom etarkan, Prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishni taklif qildi. 

“Shuningdek, Prezident vakolatlarining soni va muddatini qayta ko‘rib chiqish zarur. Men prezidentlik muddatini 7 yillik bir muddat bilan cheklashni tavsiya qilaman. Ammo qayta saylash taqiqlanadi”, deydi To‘qayev xalqqa yo‘llagan murojaatida. 

Prezident, shuningdek kelgusi yili Qozog‘istonda parlament va mas’ullar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tishi, shundan so‘ng hukumat tuzilishini aytib o‘tgan.

Umuman olganda, davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2023 yildan boshlab mamlakatda barcha asosiy siyosiy institutlar qayta ishga tushiriladi va yangilanadi.

“Yangi saylov siklini o‘tkazish vaqti va ketma-ketligini jamoatchilikka oshkor etish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ochiqlik tamoyillariga rioya qilinadi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 19 mart kuni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlat rahbari lavozimini tark etdi. Ertasi kuni Qozog‘iston Senatining (parlament yuqori palatasi) sobiq rahbari Qosim-Jomart To‘qayev qasamyod qilib, mamlakat Prezidenti lavozimiga kirishdi. Qozog‘istonda 2019 yil 9 iyun kuni navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi va unda To‘qayev 70,96 foiz ovoz to‘plagan holda g‘alaba qozondi. Respublikada Prezident saylovi har besh yilda bir marta o‘tkazilardi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

279

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing