To‘qayev “qonli yanvar” sirlarini ochdi. Endi Qozog‘iston Putin va Rossiyaga qarammi?

Olam

image

Qozog‘istonda ro‘y bergan “Qonli yanvar” voqealarini bostirishda mamlakatga KXSHT kuchlarining kiritilishi to‘g‘ri qaror bo‘lgan. Bu haqda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Qazaqstan” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi. 

Prezident To‘qayev jurnalistning “Siz Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib KXSHT tinchlikparvar kuchlarini Qozog‘istonga jo‘natishini so‘radingiz. Bu mamlakatimiz erkinligi va mustaqilligi endi Rossiyaning qo‘lida ekanini anglatadimi? Vaziyatdan ularning ishtirokisiz chiqib ketishning iloji yo‘qmidi? Hozir qaroringizdan afsuslanmayapsizmi?”, deya savol bergan. 

To‘qayev ushbu savolga javob berarkan, favqulodda vaziyatda qabul qilgan qaroridan afsuslanmasligini urg‘ulagan. 

“Yo‘q, bu afsuslanadigan qaror emas edi. Aksincha, bu qarorni mutlaqo to‘g‘ri deb hisoblayman. Shuni tushunish kerakki, qurollangan jangarilar Olma-ota shahrini egallab, boshqa shaharlarimizga ham tahdid sola boshlagan edi. Agar tinchlikparvar kontingent o‘z vaqtida kiritilmaganida, terrorchilar boshqa shaharlarni ham qo‘lga kiritgan bo‘lar edi”, degan Prezident To‘qayev.

Uning bildirishicha, jangarilar, hatto, mamlakat poytaxtidagi Prezident qarorgohiga ham hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rgan.

“Toldiqo‘rg‘on, Taraz, Chimkent, Qizilo‘rda shaharlarida qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Terrorchilarning, hatto, Poytaxtdagi Oq-o‘rda (Prezident qarorgohi)ga hujum qilishga hozirlik ko‘rayotgani aniqlandi”, deya ta’kidlagan To‘qayev.

Unga ko‘ra, qo‘zg‘alonga juda katta tayyorgarlik ko‘rilgan. Terrorchilar Qozog‘istonning boshiga Suriyaning kunini solishni ko‘zlagan. 

“Ba’zi taniqli ekspertlar terrorchilarning rejasida Qozog‘istonning ikki yirik shahrini egallash bo‘lgan, degan fikrni bildirishmoqda. Bu reja Suriyada qo‘llanilgan ssenariyga o‘xshaydi, u yerda ham terrorchilar Damashq va Raqqani qo‘lga kiritishga harakat qilgandi”, degan Qozog‘iston rahbari.

Prezidentning ta’kidlashicha, KXSHT kuchlari mamlakatda hech qanday harbiy harakatlarni amalga oshirmagan, ularning vazifasi tinchlikni saqlash bo‘lgan, xolos.

“KXSHT tinchlikparvar kontingenti mamlakatimizda bo‘lgan payt birorta ham o‘q uzmadi. Bu haqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq gapirishimiz kerak. Ularning vazifasi faqat asosiy strategik ob’ektlarni qo‘riqlash edi. Aynan o‘sha paytda Qozog‘iston kuch tuzilmalari harakatga kirishdi va qurolli terrorchilarga qarshi to‘sqinlik qildi. KXSHT kuchlari va Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari o‘rtasida yaqin aloqa va muvofiqlik o‘rnatildi”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident To‘qayev. 

U bugun mamlakat atrofidagi voqealar va xalqaro hamjamiyat, mustaqil ekspertlar va jurnalistlarning To‘qayev Putinga ipsiz bog‘landi degan gaplariga ham e’tiroz bildirgan. 

“Menimcha, “bizning endi Putindan qarzimiz bor” degan gaplar asossiz, bu gaplarni bas qilish kerak”, degan Qozog‘iston Prezidenti.

Qozog‘istondagi namoyish

Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.  

5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.  

7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 

13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

227

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing