To‘qayev aytgan “Yangi Qozog‘iston” nimani anglatadi? Davlat kotibi bunga izoh berdi
Olam
−
12 yanvar 2022
8550Kecha, 11 yanvar kuni Qozog‘iston Prezidenti va Xavfsizlik kengashi raisi Qosim-Jomart To‘qayev parlamentda yo‘llagan videomurojaatida “Yangi Qozog‘iston”ni qurish haqida so‘z yuritgan edi. Davlat kotibi Yerlan Karinning so‘zlariga ko‘ra, To‘qayev tomonidan taklif etilgan “Yangi Qozog‘iston” konsepsiyasi jamiyat birligini, radikalizmni rad etishni, shuningdek, tizimli islohotlarni nazarda tutadi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirgan.
Yerlan Karinning qayd etishicha, birinchi navbatda, Prezident nutqi terrorchilarga qarshi kurashning keskin bosqichi yakunlanganini anglatadi.
“Davlat rahbari o‘zining xalqqa qilgan murojaatida terrorchilar tajovuzkorligini qaytarish va vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berib, ertangi kunni ko‘zda tutgan edi”, deb yozdi Yerlan Karin.
Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Prezidentning kun tartibi jamiyatni ruhlantirish, umid, nekbinlik baxsh etish, og‘riqli muammolarni hal qilish bo‘yicha konstruktiv yo‘nalish belgilash hamda barchani katta bunyodkorlik jarayoni – yangi Qozog‘iston qurishda ishtirok etishga chaqirish uchun mo‘ljallangan.
“Yangi Qozog‘iston nimani anglatadi? Bu, ba’zi ekspertlar sodda qilib aytganda, davlat apparatining yangilanishi emas. Bu, birinchi navbatda, ijtimoiy qadriyatlarning qayta tiklanishi. Radikalizm, ekstremal qarashlar va xatti-harakatlardan voz kechish, davlat boshqaruvini kuchaytirish. Bunyodkorlik motivi, tizimli islohotlar. Hukumat siyosatining gumanitar jihati va inson kapitaliga ulush”, deya qo‘shimcha qildi Davlat kotibi.
LiveBarchasi