“Tug‘ish oldida bu hech narsa emas”. Frontdagi ukrainalik ayollar qanday kurashmoqda?

Olam

image

Ukraina frontlarida mamlakat Qurolli kuchlari tarkibida erkaklar yetishmovchiligi ortidan mudofaa uchun ayollarni jalb qilish ortib bormoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda erkaklar bilan bir qatorda ayollar ham frontda Ukraina osmonini dronlardan himoya qilishda yordam bermoqda. Kunduzi o‘qituvchi yoki shifokorlik qilgan ukrainalik ayollar kech tushishi bilan tungi navbatchilikka kirishadi. Ular orasida hatto manikyur ustasi ham bor. Ko‘pgina ayollarning aytishicha, bu Rossiya qo‘shinlari keng ko‘lamli bosqin boshida Bucha shahrini egallab olganlarida o‘zlaridagi nochorlik tuyg‘usini yengishning bir yo‘li bo‘lgan.

Havo hujumlari va eski qurollar

“Men 51 yoshdaman, vaznim 100 kilogramm, yugura olmayman. Meni uyga jo‘natishadi deb o‘yladim, lekin urushga olib ketishdi!” deya eslaydi veterinar Valentina.

Valentina mobil guruhga 2024 yilning yozida qo‘shilgan. U hozirda “Valkyrie” chaqiruv belgisi bilan yuradi. U frontga nimaga kelgani, frontga ketgan do‘stlari va jangda halok bo‘lganlar haqida gapirar ekan, berilgan topshiriqlarni qila olishi, harbiy qurol-yarog‘ va uskunalar og‘ir bo‘lsa-da, vatan uchun ayollar ham dosh bera olishini aytgan. Kiyev viloyatida havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilinishi bilan Valentina otryadi shay holatga keladi.

Ayollar o‘zlarini “Bucha jodugarlari” deb ataydi. Ularning jamoasidagi yagona erkak – Sergey esa pikapga o‘rnatilgan pulemyotni boshqaradi.


Otryad boshi – Valentina o‘z vazifasi haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

“Mening vazifam – tinglash. Bu asablarni taranglashtiradigan ish, lekin biz eng past ovozni eshita olish uchun ham diqqatimizni bir yerga jamlashimiz kerak”, deb tushuntiradi Valentina.

Valentinaning dugonasi Inna 50 yoshda, uning frontga qo‘shilganiga hali ko‘p bo‘lmagan.

“Urush juda qo‘rqinchli, xuddi tug‘ishdagi og‘riqlar kabi. Lekin men buni eplaganman. Uch bolam bor. Bu ishni ham eplayman”, deb kuladi u.

Inna matematika o‘qituvchisi va ba’zida u dars uchun o‘rmonni tark etishga majbur bo‘ladi.

“Mashinada kiyim-kechak va poshnalarimni saqlayman. Tong otishi bilan mashinaga qaytib, tezda kiyimlarimni almashtiraman va maktabga ketaman. Erkaklar hammasi ketib qoldi, lekin biz shu yerdamiz. Ukrainalik ayollar nima qila olmaydi? Biz hamma narsani qila olamiz”, deydi Inna.

Erkaklar qolmadi

Eng og‘ir janglar ketayotgan Donbassdagi Pokrovskdan qaytgan ko‘ngillilar tuzilmasi qo‘mondoni Andrey Verlatiyning so‘zlariga ko‘ra, erkaklarning aksariyati qochib ketgan.

“Yigitlarimning 90 foizga yaqini armiyada bo‘ldi, yana 10 foizi kalamush kabi tarqalib ketdi. Bizda deyarli hech kim qolmagandi. Qolganlari ham urush uchun yaroqsiz edi. Shunda oldimda ikkita tanlov bor edi. Bular – safarbarlik yoshidan past bo‘lgan erkaklar yoki ayollarni olish. Shunda ayollarni olishni afzal bildik”, deydi polkovnik.

Verlatiyning so‘zlariga ko‘ra, Qurolli kuchlarda dastlab ayollarga ishonch yo‘q bo‘lsada, vaqt o‘tishi bilan bu munosabat o‘zgargan. Endilikda ayollar boshqalarga qaraganda ko‘proq ishonchli ko‘rinadi, negaki ularning majburiyati va maqsadi aniq, chunki ayollar uchun chuqur va shaxsiy sabablar bor. Katta yo‘qotishlarga qaramay, ular Ukraina g‘alabasiga ishonadi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina frontlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar