To‘dako‘lda yangi kurort barpo etildi

Jamiyat

Navoiy va Buxoro viloyatlari hamkorligida To‘dako‘l ko‘li hududida yangi dam olish maskani qad rostladi. QALAMPIR.UZ muxbiri mazkur turistik zonaning ochilishida ishtirok etdi.

Mazkur dam olish maskanini qurish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19 iyundagi “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangandi.

Qaror asosida Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligi ostida  buxorolik faol tadbikorlar tomonidan Navoiy hududidagi To‘dako‘l suv havzasi qirg‘og‘ida zamonaviy talablarga muvofiq “Silk Road Family Resort” sayyohlik kurorti barpo etilib, sohilbo‘yi dam olish maskaniga aylantirildi.

Hozirda kurort hududida qurilish ishlari davom etyapti. Loyiha qurilishi 2022 yilda to‘liq tugatilishi kerak. To‘dako‘l sohili bo‘yida barpo etilayotgan plyaj, dam olish va sog‘lomlashtirish maskani hamda akvaparkning umumiy loyiha qiymati 6 mln AQSH dollarini tashkil etadi.

To‘dako‘l qirg‘og‘iga tutash bo‘lgan 15 gektar maydonda mazkur ob’ektning birinchi bosqichida 500 nafar, ikkinchi bosqichida esa 1500 nafardan ortiq sayyohni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Bu sayyohlik dam olish maskani ishga tushgach 150 dan ziyod yangi ish o‘rinlari ochilishi ko‘zda tutilgan. 

Loyiha to‘liq quvvatda faoliyat yuritishi bilan dastlabki davrda bir oyda kamida 4,5 mlrd so‘m, keyinchalik esa 40 mlrd so‘mgacha daromad bo‘lishi kutilmoqda.

Majmuada sayyohlik ob’ekti plyaj, basseyn, quyosh nurida toblanish, akvapark, kichik “Disneyland”, 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona, dam olish tapchanlari, kema ko‘rinishidagi restoran, yozgi terassa, tabiat qo‘ynidagi o‘yingoh, tibbiyot burchagi, sog‘lomlashtirish maskani, sport o‘yingohi, ot sporti maydoni, avtoturargoh va maxsus suv transportlari kabi turli qo‘shimcha xizmatlarni ham o‘z ichiga oladi. Bu maskanga tashrif buyuruvchilar uchun ochiq osmon ostida bir-biridan qiziqarli konsert va shou dasturlari ham namoyish etiladi.

Mazkur dam olish maskaniga kirish 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bepul hisoblanadi, yoshi kattalar uchun esa narxi ham oshib boradi.

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

124

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing