Tramp jinoiy ishning barcha bandlari bo‘yicha aybdor deb topildi
Olam
−
31 may
7032Kecha, 30 may kuni Nyu-Yorkdagi hakamlar hay’ati AQSH tarixida birinchi marta sobiq prezident Donald Trampga qarshi ochilgan jinoiy ish bo‘yicha uni aybdor deb topdi.
O‘n ikki hakamlar hay’ati sobiq prezidentni sobiq porno yulduz Stormi Danielsga Trampning 2016 yilgi saylov kampaniyasiga tahdid solgan to‘lovlarni yashirish uchun biznes yozuvlarini soxtalashtirishda aybdor, deb topdi.
Tramp barcha 34 ta band bo‘yicha aybdor, deb topildi. Yozuvlarni qalbakilashtirish bo‘yicha 34 ta holatning har biri to‘rt yilgacha — jami 136 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Jazoni sudya Xuan Merchan 11 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan maxsus sud majlisida belgilaydi.
AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati vakili sud xulosasi e’lon qilinganidan keyin Oq uy “qonun ustuvorligini hurmat qilishi”ni aytdi. Jo Baydenning o‘zi 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentlik saylovlari oldidan saylovoldi tashviqoti uchun Trampga qarshi ayblov hukmidan foydalandi.
“Donald Trampni Oval kabinetdan chetlashtirishning birgina yo‘li bor: saylov qutisida”, deb yozdi Prezident X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Donald Tramp sud zalini tark etgach, jurnalistlarga hakamlar hay’atining hukmi “nihoyasiga yetmaganini” aytdi.
"Biz kurashni davom ettiramiz, oxirigacha kurashamiz va g‘alaba qozonamiz, chunki mamlakatimiz do‘zaxga aylandi", deydi sobiq prezident.
Hukm e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Trampning advokati Todd Blansh hakamlar hay’ati qarori ustidan shikoyat qilishini aytdi.
Ma’lumot uchun, 4 aprel kuni Nyu-Yorkdagi Manxetten sudi Donald Trampni biznes ma’lumotlarini soxtalashtirish va jinoiy til biriktirish bo‘yicha 34 ta bandda aybladi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yil avgustidan 2017 yil dekabrigacha Tramp “e’lon qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik va saylov istiqbollariga foyda keltirish maqsadida u haqidagi salbiy ma’lumotlarni aniqlash va “sotib olish” yo‘li bilan 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga ta’sir ko‘rsatish uchun boshqalar bilan sxemani tashkil qilgan”. Shu bilan birga, Tramp “biznes yozuvlariga o‘nlab noto‘g‘ri yozuvlar kiritish” orqali bu harakatlarini yashirishga uringan.
Sud jarayoni qanday yakunlanishidan qat’i nazar, Donald Tramp prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkin. AQSH Konstitutsiyasida davlat rahbari lavozimiga nomzod uchun faqat uchta talab mavjud: u kamida 35 yoshda bo‘lishi, AQSHda tug‘ilgan va u yerda kamida 14 yil yashagan bo‘lishi kerak.
LiveBarchasi