Tramp Ukrainani keskin ogohlantirdi
Olam
−
09:22 4896 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina tinchlik kelishuviga erishishni istamasa, mamlakatni juda yomon oqibatlar kutib turganini aytdi. Bu haqda u kecha, 20 oktyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.
Trampning bildirishicha, Ukraina o‘zi tinchlik kelishuvini tuzishni istashi kerak. Uning aytishicha, AQSH va Yevropa Ukrainaga katta miqdorda mablag‘ sarflagan, biroq Yevropa bundan charchagan.
“Agar Zelenskiy kelishuv tuzishni istamasa, uni juda yomon oqibatlar kutmoqda“, degan Tramp.
Shuningdek, u Rossiyani “to‘xtovsiz oldinga harakatlanayotgan katta mashina“ga qiyoslagan.
“Agar u menga quloq solganida, ancha oldin yaxshiroq shartlarda kelishuvga erishishi mumkin edi“, degan AQSH Prezidenti.
Uning fikricha, Ukrainaga boshqa rahbar munosibroq bo‘lishi mumkin.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Zelenskiy tinchlik kelishuvi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamayotgani haqidagi Tramp fikriga qo‘shilgan. Biroq u Ukrainadagi amaldagi rahbariyat ishtirokisiz biror masalani muhokama qilish imkonsizligini aytgan.
Peskovning ta’kidlashicha, Moskva tinchlikka erishishni istaydi va buning uchun tinch yo‘llarni izlamoqda. Ammo bunga erishishning iloji bo‘lmasa, Rossiya urushni davom ettirib, bor kuchini ishga soladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan munosabatda bo‘lmagani ma’qulligini aytgandi.
Live
Barchasi20 Oktyabr