Tramp ketishi oldidan Vashingtonda favqulodda holat e’lon qildi
Olam
−
12 yanvar 2021
9466AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Tramp saylangan Jozef Baydenning inauguratsiyasi oldidan xavfsizlik choralaridan kelib chiqib, favqulodda holat e’lon qildi va Vashingtonga federal yordam yubordi. Bu haqda Oq uy tarqatgan hujjatda aytilgan.
“Bugun [dushanba] Prezident Donald Tramp Kolumbiya okrugida favqulodda holat e’lon qildi, deyiladi Oq uy xabarida.
Poytaxt meri Muriyel Bouzer Kongressdagi tartibsizliklar ortidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi tahdidlar munosabati bilan hafta oxirida Vashington ma’muriyati rahbariga iltimos bilan murojaat qildi.
Ushbu qaror federal hokimiyatga shaharga tezkor ravishda yordam berish uchun mablag‘ ajratishga imkon beradi. Shu bilan birga, 44-prezident Barak Obama Tramp inauguratsiyasidan oldin shunga o‘xshash favqulodda holat e’lon qilmagan. Odatda, davlatlar rahbarlari tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun ushbu turdagi favqulodda vaziyatni joriy qilishadi.
Xavfsizlik choralarini kuchaytirish
Kecha, 11 yanvar kuni ertalab, AQSH Hukumati Baydenning 20 yanvar kuni AQSH poytaxtida o‘tkaziladigan inauguratsiyasi munosabati bilan xavfsizlik choralarini kuchaytirishni muddatidan olti kun oldin boshlashga qaror qildi. Shu munosabat bilan, Oq uy va Kongress yaqinida joylashgan ma’muriy majmua, do‘kon va umumiy ovqatlanish joylari 20 yanvarga qadar ishlamasligi mumkin. Shu bilan birga, AQSH milliy gvardiyasi Vashingtondagi xavfsizlik choralarini kuchaytirish doirasida 15 minggacha harbiy xizmatchisidan foydalanishi mumkin.
O‘tgan chorshanba, 6 yanvar kuni Vashingtonda mitingga yig‘ilgan Trampning minglab tarafdorlari Bayden g‘alaba qozongan, 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari natijalarining tasdiqlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun AQSH Kongressiga bostirib kirdi. Kongressdagi demokratlar respublikachi Trampni isyon qo‘zg‘atganlikda aybladi va uni hokimiyatdan chetlatishni talab qildi. Respublikachilar partiyasining ayrim vakillari ham o‘zlarining fikrlarini shunga o‘xshash tarzda bildirdi. Bir necha kishi halok bo‘lgan Kapitoliydagi tartibsizlikka norozilik sifatida AQSH ma’muriyatining bir qator rasmiylari iste’foga chiqdi.
Bayden va yangi saylangan vitse-prezident Kamola Xarrisning inauguratsiyasi Kapitoliy zinapoyasida 20 yanvar kuni, tushdan keyin bo‘lib o‘tadi. Avvalroq, yangi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holda, marosim eng qisqa formatda o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.
LiveBarchasi