Kurs UZS

USD

12 970.19

-11.06

EUR

13 572.01

-25.85

RUB

142.20

0.03

Midweek: Tiklanayotgan Suriya. Trampning G‘azo bo‘yicha shubhali taklifi. Shafqatsiz deportatsiya, 31 yillik Lukashenko

Tahlil

Qo‘shni mamlakatlarga tahdid qilish, ularning yerini butunlay o‘ziga qo‘shib olish yoki ayrim hududlarini tortib olish bilan qo‘rqitishdan uyalmaslik, muhojirlarga hayvondek munosabatda bo‘lish – Trampning “Make America great again” – “Amerikani yana buyuk qil” shiori go‘yoki to‘satdan “Make America Russia” – “Amerikani Rossiyaga aylantir”ga o‘zgargandek. Tramp Oq uyda yuqorida aytilgan ishlar va dunyo xaritasidagi joylarga yangi nomlar o‘ylash bilan juda band bo‘lgan bir paytda Xitoyning yangi startapi Qo‘shma Shtatlarning bir necha o‘n yillik yirik va qudratli kompaniyalarini shokka tushirib, ularning aksiyalari narxini qulatdi.

AQSHdan qariyb 10 ming km uzoqlikda joylashgan uning geosiyosiy loyihalari uchun “sinov maydonchasi” hisoblanadigan Yaqin Sharqda esa vaziyat ancha mo‘tadillashmoqda. HAMAS va Isroil o‘rtasida asirlar almashinuvi bir tekisda davom etyapti. G‘azoliklar asta-sekin vayronaga aylangan uylariga qaytmoqda. Ammo Tramp Isroilga halokatli qurollar yetkazib berishni bosqichma-bosqich tiklashni boshlagani G‘azodagi tinchlikning uzoqqa cho‘zilishini so‘roq ostiga qo‘yadi. Bundan tashqari, uning sektor aholisini noma’lum muddatga Iordaniya yoki Misrga ko‘chirish haqidagi talabi o‘ta shubhalidir.

Yaqin Sharqdan biroz yuqoriroqdagi mintaqa – Sharqiy Yevropa osmonida ham ancha umidli xabarlar ko‘rinish berdi. OAV xabarlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bosqini bahorda tugatilishi va yakun qaysidir ma’noda Kiyev uchun ijobiy bo‘lishi kutilyapti. Bu uchun YeI Rossiyaga yangi sanksiyalar paketini qo‘llash orqali yana bosim o‘tkazish ilinjida.

Putindan andoza olayotgan Tramp

Tramp hokimiyatni rasman egallagandan buyon hali mamlakat taraqqiyoti va uning tashqi dunyodagi obro‘yini oshiradigan biron-bir ijobiy harakatlar qilganicha yo‘q. Meksika ko‘rfazi nomini Amerikaga almashtirish, Alyaskada joylashgan Shimoliy Amerikaning eng baland cho‘qqisi Denalini Mak-Kinli deb qayta nomlash tashabbusi va Trampning yaqin maslakdoshi Ilon Mask tomonidan La-Mansh bo‘g‘ozi nomini Amerika bo‘g‘ozi deb o‘zgartirish kabi mayda-chuyda ishlar bugungi kungacha Tramp ma’muriyatining eng ko‘zga ko‘ringan harakatlari bo‘lib turibdi. Yangi ma’muriyatning qolgan ishlari esa materikda shunchaki xaos keltirib chiqarmoqda xolos. Xususan, Trampning shafqatsiz deportatsiya kompaniyasi juda og‘riqli boshlandi. “Orzular diyori”da qonuniy maqomga ega bo‘lmagan muhojirlar qadr-qimmati toptalgan holda mamlakatdan “supurib” tashlanmoqda. Shu paytgacha qisqa vaqt ichida Lotin Amerikasining qator davlatlari qo‘l-oyoqlari kishanlangan holda AQSH harbiy samolyotlarida ortga qaytarilgan fuqarolarini qabul qildi. Gvatemala, Braziliya kabilar shular jumlasidandir. Ammo AQSHda noqonuniy maqomda bo‘lgan migrantlarning bu tarzda chiqarib yuborilishi ba’zi davlatlarning jiddiy qarshiligiga uchradi. Meksika va Kolumbiya AQSH harbiy samolyotlarining mamlakat hududiga qo‘nishiga ruxsat bermadi. Buning ortidan 26 yanvar kuni Vashington va Bagota o‘rtasida “savdo urushi” boshlanishiga bir baxya qoldi. Tramp Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petroning bunday qaroriga uning AQSHga eksport qiladigan tovarlariga 25 foiz boj joriy qilish bilan tahdid qildi. Trampning jazo chorasi faqat boj bilan cheklanmay, kolumbiyalik rasmiylarga qator sanksiyalarni ham o‘z ichiga olishi aytildi. Shundan so‘ng Petro ham o‘z o‘rnida mas’ullarga AQSH tovarlariga ham shunday miqdordagi boj joriy qilishni buyurdi. Qisqa soatlar ichida Tramp o‘zing Truth Social platformasida, Petro esa X’dan turib dahanaki jang olib bordi. Biroq kechga borib ikki o‘rtada kelishuvga erishilgani e’lon qilindi. Oq uy bojlarni oshirmaslik sharti evaziga Kolumbiya Trampning deportatsiya qilingan muhojirlarni hech qanday shartlarsiz qabul qilishni ma’qullaganini ma’lum qildi.

“Kolumbiya hukumati Prezident Trampning barcha shartlarini, shu jumladan AQSH tomonidan harbiy samolyotlarda deportatsiya qilinadigan barcha noqonuniy migrantlarni cheklovlarsiz va kechiktirmasdan qabul qilishni ma’qulladi”, deyiladi hujjatda.

Ammo Trampning Lotin Amerikasiga tahdidi bular bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Kolumbiyadan keyin navbat Gondurasga yetdi. Tramp ma’muriyati AQSHdan o‘n minglab noqonuniy muhojirlarni Gondurasga qaytarishini e’lon qilib, bu mamlakat Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy muhojirlarni olib o‘tadigan yirik markazga aylanganini qo‘shimcha qildi. Gonduras ham 25 foizlik boj jazosi tahdidiga uchradi. Bunga javoban Gonduras prezidenti Xiomara Kastro ham Trampga javob qaytarib, AQSH bilan munosabatlarni qaytadan ko‘rib chiqish bilan ogohlantirdi. Kastro noqonuniy muhojirlarni qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda bojlar va boshqa sanksiyalarni joriy etish haqidagi tahdidlardan so‘ng bayonot berib chiqib, quyidagi murojaatni yo‘lladi:

“AQSH hukumati negadir Gonduras hududida ularning harbiy bazalari borligini unutmoqda. Ular bir necha o‘n yillar davomida shu yerda va buning uchun ular hech narsa to‘lamaydilar. Agar AQSH hukumati bizga nisbatan dushmanlik siyosatini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, unda ularning bizning hududimizda harbiy mavjudligi barcha ma’nolarni yo‘qotadi.”

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Gondurasda AQSHning Soto Cano harbiy aviabazasi mavjud bo‘lib, bu ob’ekt butun Markaziy Amerikada Oq uy uchun juda muhim bo‘lgan harbiy inshootlaridan biri sanaladi. AQSH bu yerdagi bazadan o‘tmishda Kuba va Venesuelaga bostirib kirishda foydalangan. Ko‘rinib turibdiki, Tramp mintaqa mamlakatlari bilan hech ham teng munosabatlarni yo‘lga qo‘yishni istamayapti. U o‘zining bu harakatlari bilan Yevrosiyo materigidagi “do‘sti” kabi imperialistik tafakkurni namoyish qilyapti. Kolumbiyaga o‘tkazgan bosimi ertaga Gondurasga, undan so‘ng boshqa mintaqa mamlakatlariga o‘tmasligiga va uning foydasiga hal bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Bu faqatgina o‘zining qo‘pol deportatsiya loyihasini bojlarni oshirish tahdidi bilan o‘tkazish jarayoni xolos va bu hozircha Kolumbiya misolida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Ammo Trampning keyingi rejalari ba’zi mamlakatlarning hududiy yaxlitligi bilan bevosita bog‘liq. Grenlandiya uchun Daniya bilan, Panama kanali uchun esa Panama hukumati bilan istalgan ko‘rinishda, xoh iqtisodiy, xoh harbiy usulda urishishga tayyor. Xullas, muhojirlarga past nazar, qo‘shni mamlakatlar yeriga ko‘z tikish va bosqinchi bo‘lib ko‘rinishdan uyalmayotgan Tramp borgan sari Putin va uning Rossiyasidan farq qilmayapti. U Amerikani yana buyuk qilish emas, balki uni Rossiyaga aylantirish yo‘lidan borayotgandek go‘yo.

DeepSeek – demokratiya endi taraqqiyot asosi emasmi?

AQSH Prezidenti Donald Trampning bor e’tibori yuqorida bayon etilgan janjallarga qaratilgan bir paytda Xitoyning sun’iy intellekt startapi Qo‘shma Shtatlarning ko‘plab texnogigantlariga qaqshatqich zarba berdi. O‘tib borayotgan haftaning eng kutilmagan voqeasi aynan shu bo‘ldi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Gap shundaki, Xitoyda ishlab chiqilgan DeepSeek sun’iy intellekt tizimi ChatGPT’dan samaraliroq va arzonroq ekanini ko‘rsatganidan so‘ng, G‘arb texnogigantlari aksiyalari keskin pasayishni boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 27 yanvar savdo kuni davomida chip ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasi aksiyalari deyarli 17 foizga pasaygan. Bu pasayish kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasini 600 milliard dollardan ko‘proq kamayishiga olib kelgan. Bu tarixdagi eng katta kunlik yo‘qotish ekani aytilmoqda. Nvidia kompaniyasining raqobatchilari, jumladan Marvell, Broadcom, Micron va TSMC ham sezilarli darajada zarar ko‘rgan. Meta, Alphabet va Google kompaniyalari ham DeepSeek ta’sirida yo‘qotishlarga uchraganlar qatorida. Ushbu pasayish Oracle, Vertiv, Constellation, NuScale va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari bilan bog‘liq boshqa kompaniyalarga ham ta’sir qilgan. “New York Post” nashrining yozishicha, AQSH va Yevropaning texnogigantlari bir kun ichida umumiy hisobda 1 trillion dollar yo‘qotgan.

“Muvaffaqiyatli DeepSeek investorlarda Xitoyning sun’iy intellekt bilan bog‘liq kam baholangan kompaniyalariga bo‘lgan qiziqishni qayta tiklashi va o‘sishning alternativ tarixini taklif qilishi mumkin”, deyiladi xabarda.

DeepSeek kompaniyasi xitoylik milliarder, High- Flyer investitsiya fondi rahbari Lyan Venfen tomonidan tashkil etilgan. Amerikalik texnogigantlar bilan raqobatlashadigan Xitoyning DeepSeek kompaniyasi ikki yil oldin tashkil etilgan bo‘lib, kompaniyada atigi 200 kishi ishlaydi. Taqqoslash uchun, OpenAI o‘n yildan beri mavjud va unda 4 mingdan ortiq xodimga ega, kapitali esa 6,5 milliard dollardan ortiq. DeepSeek R1 sun’iy intellekt ilovasi AQSH, Buyuk Britaniya va Xitoyda Apple App Store’dagi eng ko‘p yuklab olingan bepul ilovaga aylandi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yangi chat-bot arzonroq chiplar va kichikroq ma’lumotlar bazasi asosida ishlaydi. Sun’iy intellekt yordamchisi ochiq kodli DeepSeek-V3 modeli asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, u 6 million dollardan kam mablag‘ evaziga ishlab chiqilgan. Bu raqobatchilar tomonidan shunga o‘xshash ishlanmalar uchun sarflangan milliardlab dollarlarga nisbatan sezilarli darajada arzon. Ammo DeepSeek Xitoy startapi bo‘lganligi bois unda Chin yurtining manfaatlariga zid bo‘lgan qator masalalarda senzura mavjud. Masalan, unga Tayvan xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ektimi degan savol yo‘llasangiz, dastlab javob berishga tayyorlanadi, ammo so‘ngida ekranda uzr so‘ragan holda “bunga javob bera olmasligi va boshqa narsalar haqida gaplashish” iltimosi paydo bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, DeepSeek’da juda qattiq senzura yo‘q. Chunki chatbot uyg‘urlar haqida yo‘llangan so‘rovlarga ba’zi cheklovlar bilan bo‘lsa-da, atroflicha javob beradi. Endi masalaning asosiy qismiga o‘tsak. DeepSeek bahonasida ko‘p masalalar muhokamasi o‘rtaga tashlandi. Shulardan biri bu ilova Xitoy avtoritarizmining AQSH demokratiyasi ustidan g‘alabasimi degan savoldir. Chunki mazkur ilova fond bozoridagi ob-havoni keskin o‘zgartirmaguncha Qo‘shma Shtatlarning sun’iy intellekt sohasidagi peshqadamligi shubha ostiga olinmagandi. DeepSeek ishlanmasi xitoyliklar uchun AQSHdagi shu kabi ilovalardan bir necha yuz barobar arzonga tushgani ham dunyo bo‘yicha texnologiya va innovatsiya markazi hisoblanadigan AQSHdagi Kremniy vodiysiga jiddiy signal berdi. Mazkur voqealar fonida ko‘pchilik mutaxassislar DeepSeek misolidagi olamshumul yutuq Xitoydek katta avtoritarizmda ishlab chiqilayotgani hali ham jumboq bo‘lib qolayotganiga e’tibor qaratdi.

Ko‘rinib turibdiki, Xitoyning iqtisodiy va texnologik muvaffaqiyati olimlar, siyosiy tahlilchilar o‘rtasida hali uzoq vaqt demokratiya taraqqiyotning asosiy faktori ekani yoki yo‘qligi haqidagi bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi tayin. DeepSeek Qo‘shma Shtatlardagi kompaniyalarning milliardlab dollar yo‘qotishiga sabab bo‘lgan voqealar fonida AQSH Prezidenti Donald Tramp 27 yanvar kuni Floridadagi tadbirda chetdan kirib keladigan kompyuter chiplariga ta’riflarni oshirmoqchi ekanini ma’lum qildi. Ochig‘i, Trampning bojlarni oshirish siyosati haqidagi so‘zlari borgan sari kulgili bo‘lib bormoqda. Chunki u xalqaro maydondagi muammolarga yechim sifatida bojlarni oshirishdan boshqa hech narsani taklif qila olmayapti. Tramp esa bu yondashuvni ishlab chiqarish ko‘lamini AQSHga qaytarish maqsadi bilan izohlayapti. Shu bilan birga, u Kongressni AQSHda tovar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning daromad solig‘ini joriy 21 foizdan 15 foizgacha kamaytirishga chaqirib, Qo‘shma Shtatlarda mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirmoqchi.

“Biz ishlab chiqarishni mamlakatimizga qaytarishimiz kerak. Ma’lumki, biz kuniga bitta kema qurardik. Endi biz buni qila olmaymiz. Hammasi boshqa joylarga va boshqa mamlakatlarga ketdi. Biz xalqimiz, kompaniyalarimiz va mamlakatimizni bojlar orqali himoya qilamiz. Agar siz soliq yoki bojlarni to‘lashni to‘xtatmoqchi bo‘lsangiz, bu yerda Amerikada zavodlaringizni qurishingiz kerak. Va bu rekord darajada bo‘ladi”, dedi Tramp.

Tramp Falastinni yo‘q qilmoqchi

Isroil va HAMAS o‘rtasida otashkesim boshlangandan buyon bir necha bor asirlar va mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi hamda davom etmoqda. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv doirasida ozod qilgan 114 nafar falastinlik G‘arbiy Sohildagi Ramalloh shahriga yetib bordi. Ramallohga yuborilganlardan tashqari yana 70 nafari Misrga, 16 nafari G‘azo sektoriga jo‘natildi. Bunga javoban, 25 yanvar kuni HAMAS harakati G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayolni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillariga topshirdi. Ularning barchasi harbiy xizmatchilar bo‘lib, 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga hujum paytida HAMAS tomonidan asirga olingan. Ularni Isroil armiyasi askarlari qabul qilib olgan. Umumiy hisobda ular asirlikda 477 kun o‘tkazgan. Qizlar Isroil razvedka askarlari bo‘lgan. Ularning yonlarida HAMASning “esdalik sovg‘alari” ham bo‘lgan. 19 yanvar kuni isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslarga birinchi almashish bo‘lib o‘tgandi. HAMAS G‘azodagi Saraya maydonida uch nafar isroillik ayolni ozod qilib, Xalqaro Qizil Xoch jamiyatiga topshirdi. Kelishuv doirasida Isroil 20 yanvarga o‘tar kechasi 90 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. HAMAS qo‘l ostidagi 97 nafar isroillikdan 33 nafari olti hafta ichida ozod etilishi kerak. Har bir tinch aholi uchun Isroil 30 nafar falastinlikni, har bir harbiy xizmatchi uchun esa 50 nafar falastinlikni ozod qilishi belgilangan.

Bu orada esa 2024 yil 27 noyabrda kuchga kirgan Isroil va Livan o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 18 fevralgacha uzaytirildi. Unga ko‘ra, ikki mamlakat rasmiylari otashkesimni joriy yilning 18 fevraliga qadar uzaytirishga kelishib olgan. Shuningdek, Livan, Isroil va AQSH hukumati 2023 yil 7 oktyabrdan keyin qo‘lga olingan livanlik mahbuslarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshlash niyatida. Shunday bo‘lishiga qaramay, Isroil Livan oldidagi majburiyatlarini kutilganidek to‘liq bajarmayotgani kabi HAMAS bilan G‘azo sektorida ham shu ssenariy takrorlanyapti. Masalan, 27 yanvar kuni kechqurun Isroil kuchlari G‘azo sektori markazidagi Nuseyrat qochqinlar lagerida ot aravaga o‘q uzishi oqibatida besh yoshli qizaloqni halok qildi, yana uch nafar fuqaro yaralandi. Askarlar anklav shimolidagi uylariga qaytayotgan odamlarga qarata o‘t ochgan. SAXAL matbuot xizmati esa o‘ta uyatli bahona bilan mazkur harakatni izohladi. Unda aytilishicha, Isroil askarlari “G‘azo sektorida joylashgan qo‘shinlarga tahdid solgan gumondorlarga qarshi harakat qilgan”. 5 yoshli go‘dak bor bo‘lgan va uyga qaytayotgan ot-arava qonxo‘r SAXAL jallodlarida “gumon” uyg‘otgan.

“G‘azo sektorining bir qancha hududlarida bir necha gumonlanuvchi SAXAL qo‘shinlariga yaqinlashib, ularga tahdid solayotgani aniqlandi. Qo‘shinlar ulardan uzoqlashish uchun o‘t ochdi. G‘azo shimolida ular o‘zlariga tahdid solgan gumonlanuvchini aniqladi va ogohlantiruvchi o‘q uzdi. Gumonlanuvchi uzoqlashmadi va u qo‘shinlarga xavf tug‘dirishni davom ettirgani uchun tahdidni bartaraf etish uchun qo‘shimcha o‘q uzildi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 27 yanvar kuni 300 mingdan ortiq aholiga imkoniyat berilganidan keyin uning shimoliy tumanlariga qaytgan. G‘azodagi 5 yoshli qizning o‘ldirilishi shu voqeadan ikki kun oldin G‘arbiy Sohilda Isroil kuchlari tomonidan qilingan g‘ayriinsoniy vahshiylik oldida ko‘rinmay ham qoldi. Laila al-Xatib ismli ikki yoshli falastinlik qizaloq 25 yanvar kuni boshiga uzilgan o‘q oqibatida halok qilindi. Marhum qizaloqning homilador onasi ham ushbu hujumda yengil jarohat olgan. Ortda qolgan bir yarim yil davomida inson qiyofasini yo‘qotgan SAXAL tekshiruvlar paytida hududda falastinlik jangchilar borligi haqida ma’lumot olishgach, binoga o‘t ochilganini iddao qilgan. Mazkur voqeaning jonli guvohi bo‘lgan Al-Xatibning buvisiga ko‘ra, voqea sodir bo‘lganida oila kechki ovqat qilayotgan bo‘lgan. Unga ko‘ra, birdan otishmalar sodir bo‘lgan va derazalar singan. Onasi qizaloqni ovqatlantirayotganda snayper o‘qi uning boshiga tekkan va bu onaga ham jarohat yetkazgan. Marhuma, ikki yoshli qizaloq Al-Xatib esa onasining yagona farzandi edi.

Shu tariqa G‘azodagi vaziyat bugun Isroilning cheklangan jinoyatlari bilan bo‘lsa-da, ancha yumshagan paytda Tramp arab davlatlariga sektorni bo‘shatish haqida talab ko‘rinishidagi “taklif” kiritdi. U G‘azo aholisini Iordaniya va Misrga ko‘chirib yuborishni istamoqda. Ammo Misr va Iordaniya Trampning bu so‘rovini darhol rad qildi. Negaki g‘azoliklarni sektordan chiqarib yuborish rejalari uzoq yillardan buyon aytib kelinadigan, siyqasi chiqqan va hech bir arab rozi bo‘lmaydigan loyiha. Chunki sektorni tark etgan falastinliklar, qayta bu yerga kiritilmasligini hamma biladi. Trampning go‘yoki, “g‘azoliklar tinchligi va farovonligini o‘ylab” qilayotgan bu taklifi shunchaki vaqt o‘tib, G‘azoga isroillik ko‘chmanchilarning kiritilishi va bu hududda ularga uy-joy qurish orqali muqim joylashtirish uchungina xolos. Hozircha Misr va Iordaniya bu taklifni qat’iy rad etgan holda o‘zlarining tarixiy pozitsiyalarini o‘zgartirmasligini bildirdi. Agar so‘nggi paytlarda Trampning tashqi siyosatdagi harakatlariga nazar tashlansa, dastlab, Sisi va Abdulla II uning bu takliflarini qabul qilishiga ishonib adashgan AQSH Prezidentining keyingi harakatlarini taxmin qilish mumkin. Bojlarni oshirish. Ammo baxtga qarshi Yaqin Sharqda AQSH qo‘llashi mumkin bo‘lgan son-sanoqsiz richaglar mavjud. Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham G‘azoni boy berish Falastin davlatchiligini amalda yo‘qotishdir. Chunki G‘arbiy Sohildan farqli o‘laroq G‘azo bugun Falastin tanasining birdan-bir jonli organi hisoblanadi.

Tiklanayotgan Suriya

Bir necha kun oldin Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud Damashqqa tashrifi chog‘ida AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlardan Suriyaga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishi haqida ijobiy xabarlar olganini aytgandi. 27 yanvar kuni esa Belgiya poytaxti Bryussel shahridagi yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari Suriyaga qarshi so‘nggi bir necha yil davomida amalda bo‘lgan sanksiyalarni bosqichma-bosqich yumshatish rejasini kelishib oldi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi. Shuningdek, Kallasning ta’kidlashicha, agar Suriyaning yangi rasmiylari noto‘g‘ri qadam tashlasa, Yevropa mamlakatlari vakillari bu qarorni qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

“Euronews”ga ko‘ra, YeI Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi oldidan YeI Kengashi Suriya bo‘yicha muzokaralar uchun hujjat tayyorlagan. Ushbu hujjatda aviakompaniyalarga, jumladan Suriya Arab Havo yo‘llariga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish taklifi bilan fuqarolik parvozlarini soddalashtirish, neft va gaz texnologiyalarini eksport qilishni taqiqlash bo‘yicha shartnomani qayta ko‘rib chiqish taklif qilingan. Ammo qochqin Bashar Asad va uning tarafdorlariga qarshi sanksiyalar o‘z kuchida qoladi. Ushbu hujjatlarga ko‘ra, “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhini terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish masalasi BMT Xavfsizlik Kengashi darajasida hal etilishi kerak. Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, YeI 2012 yildan beri Suriyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kiritib kelardi. Bu, asosan, Suriya hukumati va harbiy tuzilmalariga ta’sir qilardi. Ushbu chora-tadbirlar neft embargosi, ayrim investitsiyalarni cheklash, Suriya Markaziy bankining Yevropa Ittifoqidagi aktivlarini muzlatish va repressiya uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan asbob-uskunalar va texnologiyalarni eksport qilishni cheklashdan iborat edi.

Bahorda Rossiya bosqini to‘xtatilishi mumkin

Yaqin Sharqda hozircha otashkesimlar amalda bo‘lgan bir paytda, tez orada Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatish bo‘yicha ham siljishlar bo‘lishi kutilyapti. “The Independent” nashri o‘z manbalariga tayanib, AQSH Prezidenti Donald Tramp urushni bahorgacha Ukraina uchun qulay shartlarda yakunlashni maqsad qilgani haqida xabar berdi. Biroq nashr manbalaridan biri o‘zining bu fikrini Ukrainadagi hukmron “Xalq xizmatchisi” partiyasi rahbari David Araxamiyaning Tramp inauguratsiyasiga tashrifi va marosimda unga hurmat bilan munosabatda bo‘lingani bilan izohlagan xolos. Boshqa manbalarga ko‘ra esa, Tramp urushni hal qilish masalasiga jiddiy yondashmoqda va Ukraina Prezidenti bilan rasmiy uchrashuv yaqin haftalarda bo‘lib o‘tishi kutilyapti.

Biroq Tramp Ukrainaga bosqinni hayratlanarli darajada qisqa vaqt ichida to‘xtatishga ishonishini aytgan paytdan buyon haligacha tomonlarga bu boradagi o‘zining aniq rejasini taqdim etgani yo‘q. Inauguratsiyadan so‘ng Tramp, agar Vladimir Putin qurolli mojaroni yakunlashga rozi bo‘lmasa, Rossiya mahsulotlariga to‘liq eksport embargosi kiritishgacha boradigan sanksiyalarni kuchaytirishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, AQSH Prezidenti o‘z diplomatlariga Moskva va Kiyevni muzokaralar stoliga o‘tkazish uchun uch oy muddat bergan. “The Moscow Times”ning Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga yaqin manbalari ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyatining Kreml bilan dastlabki aloqalari allaqachon amalga oshirilgan. Ammo ikkala tomon ham bu muloqotlarni omma oldida rad etib kelyapti. Jumladan, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda muzokaralar masalasida Vashington hozircha Moskvaga murojaat qilmaganini bildirdi. U 24 yanvarda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Putin Tramp bilan muloqotga tayyor ekanini aytgani va ayni damda ham Kreml ikki davlat rahbarlari o‘rtasida suhbat tashkil etishga tayyor ekanini qayta takrorladi.

“Hozircha biz amerikaliklardan hech qanday signal olmadik. Shuning uchun, ular aytganidek, o‘z jadvalimiz bo‘yicha ishlaymiz. Faqatgina bir xabar kerak. Xuddi shu xabar Amerika tomonida qolmoqda. Ko‘rinishidan, bu biroz vaqt talab etadi. Qoidaga ko‘ra, bu davlat rahbarlari tomonidan bunday suhbatni tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblagan paytda muhokama qilinadi”, degan u. 

Turkiyaning hukumatga yaqin “Hürriyet” gazetasi  esa Ukrainadagi inqirozni tinch yo‘l bilan bartaraf etishga qaratilgan muzokaralar joriy yilning aprel-may oylarida boshlanishi mumkinligi haqida xabar berdi. Nashr sharhlovchisi Abdulqodir Selvi muzokara uchun ehtimoliy ssenariyni taxmin qildi. Unga ko‘ra, bu jarayon boshlanishidan oldin dastlab, o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinadi. Ikki o‘rtadagi aloqalarda Turkiya muayyan vazifani o‘z zimmasiga olishi va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga vositachilik roli yuklatilishi mumkin. Selvi o‘zining bu fikrini Erdo‘g‘an bugungi kunda Putin va Zelenskiy bilan muloqot qila oladigan yagona yetakchi ekani bilan izohladi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan esa o‘tgan haftada Ukrainadagi mojaro burilish nuqtasiga yaqinlashayotganini va Anqara uni hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan edi. Bungacha Anqara bir necha bor Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishishga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini aytgan va buni 2022 yil mart oyida urushning boshlang‘ich pallasidayoq Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralar misolida isbotlagan. Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tkazish uchun YeI ham zarur choralar ko‘rmoqda. Xususan, yuqorida ta’kidlangan 27 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari Suriyaga qo‘yilgan o‘tmishdagi sanksiyalar yumshatilishi borasida bir to‘xtamga kelingan kunda ular Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarni uzaytirishga kelishib oldi.

“Hamma narsa vaqtdan qo‘rqadi, vaqt esa Lukashenkodan”

Belarusni 30 yildan beri boshqarayotgan Aleksandr Lukashenko yettinchi muddatga qayta saylanadi. Yakuniy natijalar saylovchilarning 86,82 foiz qismi Lukashenkoni qo‘llab ovoz berganini ko‘rsatdi. Lukashenko ertalab o‘zi ovoz berganidan so‘ng, 4,5 soatlik matbuot anjumani o‘tkazdi. U bu anjumanda o‘z vorisini tanlash masalasini hozircha ko‘rib chiqmayotganini ta’kidladi. Saylovda 31 yillik doimiy o‘zgarmas shaxsdan boshqa yana besh nafar nomzod qatnashdi va ularning birortasi hatto 3,5 foizdan ko‘proq ovoz to‘play olmadi. Ma’lumot uchun, 2020 yilda Belarusda prezidentlik saylovlaridan so‘ng ko‘p kunlik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi. Ularning ishtirokchilari Aleksandr Lukashenkoning g‘alabasini tan olishni rad etgan. Ushbu saylovlarda bir qator muxolifat vakillari ishtirok etishga urinib ko‘rgan, ammo ularning ba’zilari saylovoldi jarayonlaridan chetlatilgan yoki qamoqqa olingan. Masalan, Sergey Tixanovskiy saylov oldidan qamoqqa olingan va 2021 yilda 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bankir Viktor Babariko saylovda qatnashish uchun ariza topshirgan, biroq ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. 2021 yilda moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, 14 yilga qamalgan. Shuningdek, yana bir opponent tadbirkor Valeriy Sepkaloga ham qidiruv e’lon qilingandi. Shundan so‘ng, u Belarusni tark etgan va sirtdan 17 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2020 yilgi saylovlarda Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Lukashenko 80,1 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘lgan, muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya esa 10,12 foiz ovoz olgan. Saylovdan so‘ng Tixanovskaya Belarusni tark etgan va xorijda siyosiy faoliyatini davom ettirgan. U ham 2023 yilda sirtdan 15 yilga qamalgan. 2020 yildagi saylov va undan keyingi mojarolar Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoni “yopishib olgan o‘rnidan” ayrilish haqida biroz bo‘lsa-da o‘ylashga majbur qildi. 2021 yil so‘ngida u konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishga va’da berdi. 2022 yilda esa Belarusda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra, prezident ketma-ket ikki muddatdan ortiq lavozimni egallay olmasligi va prezident lavozimidan ketganidan keyin javobgarlikka tortilmasligi belgilandi. Xullas, shu tariqa Yevropa zaminidagi yagona avtokrat yettinchi bor qayta saylandi. Qayta saylandi yoki yana egalladi? Albatta, bu so‘roq ostida. Sababi saylovlar quyidagicha ko‘rinish olgan.

BBC jurnalisti Stiv Rozenberg: Biz boshqa nomzodlar bilan gaplashdik. Ulardan biri sizni ochiqchasiga qo‘llamoqda. Sizning raqibingiz! Yana biri esa sizni maqtayapti. Bu poyga g‘alati emasmi?

Lukashenko : Stiv, bu sen uchun yangi tajriba.

Shuni qayd etish joizki, Lukashenko 1994 yildan to bugungacha, ya’ni 31 yil mobaynida saylovlarda yetti marta “ustun” kelgan bo‘lishiga qaramay, ularning faqatgina bittasi xalqaro miqyosda keng tan olingan. Bu ham bo‘lsa, uning ilk 1994 yilgi g‘alabasidir. Lukashenko mavzusi, uning 7-muddati va 31 yili muhokama markazida bo‘lib turgan mahal bu borada undan o‘tib tushadigan va hatto unga hokimiyatda o‘lguncha qolishning hadisini bera oladigan afrikalik otaxon, Kamerun Prezidenti, 91 yoshli Pol Biyya 2025 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘yishini aytdi. Biyya hokimiyat tepasiga kelgan 1982 yildan beri u dunyodagi eng uzoq vaqt hukmronlik qilgan yetakchilardan biriga aylanib ulgurgan. Bu saylov u uchun sakkizinchidir. Ha, bir paytlar vaqt va piramida masalasida aytilgan mashhur ibora bugun 31 va 43 yillik qo‘zg‘almas ushbu ikki shaxs uchun ham mos tushadigandek. “Hamma narsa vaqtdan qo‘rqadi, vaqt esa Lukashenko va Pol Biyyadan”. Ammo bu ikki avtokrat uchun ko‘proq Mark Tvenning “taglik va siyosatchilar bir sababga ko‘ra tez-tez almashtirib turilishi lozim” degan so‘zidan o‘zga loyiqroq so‘z yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya Donal'd Tramp Ukraina Belarus' Aleksandr Lukashenko Falastin G'azo DeepSeek

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing