Tramp BAAdagi afg‘on qochqinlariga yordam va’da qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Birlashgan Arab Amirliklaridan deportatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan afg‘onistonlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish niyatida ekanini aytdi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

“Men hozirdan boshlab ularni qutqarishga harakat qilaman”, deb yozdi Tramp.

U o‘z so‘zlarini Amerikaning “Just the news” portali nashriga havola qilib, unda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganidan keyin o‘z mamlakatini tark etgan va 2021 yildan beri Amirliklarda yashab kelayotgan kamida bir guruh qochqinlarni BAAdan Afg‘onistonga deportatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida so‘z yuritdi.

32 nafar afg‘on vakillarining xabar berishicha, qochqinlar lageri ma’muriyati ularning pasportlarini olib, Afg‘onistonga jo‘nab ketishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan. Lagerda qochqinlar va “Tolibon” vakillari o‘rtasida ham uchrashuv tashkil etilgan.

Qayd etilishicha, qochqinlarning o‘zlari vatanlariga qaytishdan bosh tortmoqdalar, chunki ular amaldagi hukumat tomonidan ta’qib qilinishidan qo‘rqadi.

Nashrning yozishicha, AQSH rasmiylari BAAdagi hamkasblari bilan nima bo‘lganini tushunish va deportatsiyani to‘xtatishga harakat qilish uchun muzokaralar olib bormoqda.

Ma’lumot uchun, AQSH 2021 yil bahorida o‘z qurolli kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqish qarorini e’lon qilganidan so‘ng, “Tolibon” harakati mamlakat ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiyani boshladi. 2021 yil 15 avgustda “Tolibon” jangsiz Kobulga kirdi va keyinroq muvaqqat hukumat tuzilganini e’lon qildi. Shu bilan birga, BAAning AQSHdagi elchixonasi mamlakat o‘z hududida besh ming afg‘on qochqinini qabul qilishini ma’lum qildi.

Joriy yilning 17 aprel kuni Rossiya Oliy sudi Bosh prokurorning Rossiya Federatsiyasida “Tolibon” harakati faoliyatini taqiqlashni to‘xtatib turish haqidagi ma’muriy da’vosini qanoatlantirdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ta’kidlashicha, “Tolibon”dan terrorchi maqomi olib tashlanishi Qobul bilan to‘laqonli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yo‘l ochadi. Rossiya “Tolibon” muvaqqat hukumatini tan olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing