Tojikistondagi zilzila magnitudasi aslida necha ball bo‘ldi?
Olam
−
23 fevral 2023 30103 2 daqiqa
Bugun, 23 fevral kuni Tojikistonda ro‘y bergan zilzila magnitudasi turli axborot manbaalarida turlicha talqin qilinmoqda. Xitoy seysmologlari zilzila balini yuqori baholayotgan bo‘lsa, Tojikiston va O‘zbekiston mutaxassislarining ko‘rsatkichlari u qadar baland emas.
Yevropa-O‘rtayer dengizi seysmologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikistonda mahalliy vaqt bilan 05:37 da 6,8 ball magnitudali zilzila yuz berdi. Aniqlanishicha, zilzila epimarkazi Murg‘obdan 66 kilometr g‘arbda joylashgan.
O‘zbekiston FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan soat 05:43 da Tojikistonda yuz bergan zilzila magnitudasi 5,8 ballni tashkil qilgan. Uning epimarkazi Toshkentdan 435 kilometr janubiy-g‘arbda joylashgan.
Xitoy seysmologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Pekin vaqti bilan 08:37 da Xitoy shimoli-g‘arbidagi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan Tojikistonning chegaradosh qismida 7,3 ball magnitudali yer qimirlashi sodir bo‘lgan. Zilzila epimarkazi shimoliy kenglikning 37,98 daraja va sharqiy kenglikning 73,29 daraja koordinatali nuqtasida joylashgan.
Birinchi zilziladan so‘ng Tojikistonda yana bir qator yer silkinishlari sodir bo‘lgan. Jumladan, 05:55 da — 4,7 magnitudali (chuqurligi — 136 km), 06:06 da — 4,2 (15 km), 06:35 da — 4,5 (167 km), 07:07 da — 4,2 (190 km), 07:18 da — 4,5 (135 km).
Eslatib o‘tamiz, bugun, 23 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 05:43 da Tojikistondagi yer silkinishlari ta’siri O‘zbekiston Ruspublikasining qator viloyatlarida ham sezilgan edi. Yer silkinishlari magnitudasi Farg‘onada – 4 ballni, Andijonda – 4 ballni, Namanganda – 4 ballni, Sirdaryoda – 3-4 ballni, Toshkent shahrida – 3-4 ballni, Jizzax viloyatida – 3-4 ballni, Surxondaryo viloyatida – 3 ballni, Samarqand viloyatida – 3 ballni, Qashqadaryo viloyatida – 3 ballni, Navoiy viloyatida – 3 ballni tashkil qilgan.
Umida Muxtorbekova
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr