Tojikistonda inson huquqlari bo‘yicha vaziyat og‘irlashyapti – BMT eksperti
Olam
−
09 dekabr 2022
8522Tojikiston hukumati huquq himoyachilariga bosim o‘tkazishdan bosh tortishi, ularning so‘rov va takliflariga ijobiy javob berishi, xususan, fuqarolik jamiyati va inson huquqlari tashkilotlari vakillari bilan faol maslahatlashishi kerak. Bu haqda BMTning maxsus ma’ruzachisi ma’lum qildi.
U Dushanbe hukumatini advokat va jurnalistlarni faqat boshqalarning huquqlarini himoya qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortmaslikka chaqirdi.
Inson huquqlari himoyachilari ahvoli bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Meri Loulor Tojikistonga ikki haftalik rasmiy tashrif bilan keldi. Uning fikricha, bu mamlakatdagi huquq himoyachilari qo‘rquv muhitida ishlaydi.
Meri Loulorning so‘zlariga ko‘ra, tojik hukumatidagi ayrim amaldorlar huquq himoyachilari bilan ijobiy munosabatda bo‘lishga harakat qilmoqda. Qonunchilik darajasida ham muayyan yutuqlarga erishilgan. Lekin shunga qaramay, BMT eksperti Dushanbedagi matbuot anjumanida ta’kidlaganidek, boshqalarning huquqlari uchun kurashayotganlarga nisbatan bosim ortib bormoqda.
“Huquq himoyachilarining ahvoli yomonlashmoqda. Advokatlar, jurnalistlar va boshqalar inson huquqlarini himoya qilganliklari uchun nishonga olinadi. Ular og‘ir ma’muriy cheklovlardan tortib, ta’qib qilish, tahdid qilish, o‘z faoliyatini jinoiylashtirish, yopiq adolatsiz sud jarayonlari va qamoqqa olishgacha bo‘lgan qator muammolarga duch kelmoqda”, deydi maxsus ma’ruzachi.
Uning ta’kidlashicha, nozik ishlar bilan shug‘ullanadigan ba’zi huquq himoyachilari ta’qiblardan qo‘rqish va korrupsion sxemalar qo‘zg‘atgan qo‘rquv muhiti tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.
Meri Loulor Tojikiston hukumati o‘z xalqaro majburiyatlarini bajarishi va huquq himoyachilari bilan hamkorlik qilishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Tashrif davomida maxsus ma’ruzachi Dushanbedagi rasmiylar bilan uchrashgan, shuningdek, Xo‘jandga ham borgan. U Ombudsman, parlament a’zolari, prokuratura, Oliy sud vakillari, xalqaro hamjamiyat vakillari bilan suhbatlar o‘tkazgan. Ekspert tergov izolyatorida bo‘lib, u yerda huquq himoyachilari bilan uchrashgan. U Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatiga borishga ruxsat berishlarini so‘ragan, biroq rasmiylar unga ruxsat bermagan.
“Tojikiston hukumati inson huquqlarini ilgari surish va adolatli jamiyat qurish yo‘lida harakat qilayotgan huquq himoyachilarini himoya qilishdan manfaatdor ekanini tushunishi kerak”, deydi Loulor.
U Tojikiston hukumatini inson huquqlari himoyachilariga dushman emas, ittifoqchi sifatida munosabatda bo‘lishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, maxsus ma’ruzachilar va mustaqil ekspertlar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan tayinlanadi, ular BMT xodimlari emas va o‘z ishlari uchun Tashkilotdan maosh olmaydilar.
LiveBarchasi