Tojikiston Rog‘un GESdan O‘zbekistonga elektr yetkazib beradi

Olam

image

Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari Rog‘un GESdan 20 yil davomida elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Tojikiston Adliya vazirligi huquqiy axborot portalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Tojikiston va O‘zbekiston energetika sohasidagi yangi hamkorlik bitimi doirasida Rog‘un gidroelektrostansiyasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Hujjat loyihasi Tojikiston hukumati tomonidan ma’qullangan. 

Bitimga ko‘ra, elektr energiyasining hajmi va yetkazib berish jadvali O‘zbekiston energetika tizimidagi quvvat tanqisligi kuzatiladigan soatlarga qarab, “Rog‘un GES” OAJ va “O‘zenergoinspeksiya” AJ o‘rtasida kelishiladi.

1 kVt soat elektr energiyaning narxi 3,4 AQSH senti miqdorida belgilangan (QQS nol stavkasi bilan). Bu narx har yili 1 foizga indeksatsiya qilinadi, indeksatsiya bitim kuchga kirganining ikkinchi yilidan boshlanadi.

Elektr energiyasi ikki davlatning elektr tizimi operatorlari kelishgan jadval asosida, asosan O‘zbekistonda elektr tanqisligi kuzatiladigan soatlarda yetkazib beriladi. Rog‘un GES qurilishi tugamaguncha, energiya faqat vegetatsion davrda (1 aprel – 30 sentyabr) yetkazib beriladi. GES to‘liq ishga tushganidan keyin esa elektr energiyasi yil davomida har oyda jo‘natiladi.

Elektr energiyasi xalqaro Incoterms 2010 standartlariga muvofiq DAP shartlar asosida davlatlararo elektr uzatish liniyalari orqali yetkaziladi.

Bitimda, shuningdek, mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarni muzokaralar orqali hal etish tartibi va amalda bo‘lish muddatini uzaytirish mexanizmi ham ko‘zda tutilgan.

Shartnoma 20 yil muddatga tuzilgan. Agar tomonlardan biri shartnoma muddati tugashidan kamida 6 oy oldin uning bekor qilinishini istamasligini bildirsa, bitim avtomatik tarzda har 10 yilda bir yangilanadi.

Rog‘un GES

Rog‘un GES Tojikistonning eng yirik energetika loyihasidir va u Vaxsh daryosida joylashgan. GES qurilishi dastlab 1976 yilda boshlangan, biroq SSSR parchalangach, to‘xtatilgan edi.

2016 yilda loyiha qayta tiklandi va u mamlakatning energetika siyosatida ustuvor yo‘nalishga aylandi.

Qurilish yakunlangach, Rog‘un GES Markaziy Osiyodagi eng yirik GES bo‘lib, 3600 MVt quvvatga ega bo‘ladi.

Tojikiston 2018 yildan buyon O‘zbekistonga elektr energiyasini, asosan vegetatsion mavsumda, ikki tomonlama kelishuvlar asosida yetkazib kelmoqda.

Yangi shartnoma ikki davlatning Markaziy Osiyo umumiy energiya tizimi doirasida chuqur energetik integratsiyaga intilayotganini aks ettiradi va butun mintaqada barqaror energiya ta’minotini ta’minlash uchun asos yaratadi. 

Qayd etib o‘tish joizki, ushbu GESning qad rostlashiga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qat’iy qarshilik bildirgan. Karimov bu loyiha haqida bir necha bor tanqidiy chiqishlar ham qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston O'zbekiston Islom Karimov O'zenergoinspektsiya Rog'un GES

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing