Tojikiston KXSHTdagi harbiy ittifoqchilaridan yordam so‘radi
Olam
−
08 iyul 2021
17175Tojikiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT)dagi ittifoqchilariga Respublikaga Afg‘onistondan kelib chiqadigan muammolarni yengishda yordam so‘rab, murojaat qildi. Bu haqda “Anadolu” yozmoqda.
“Tojikiston, Afg‘oniston bilan eng uzoq chegaraga ega bo‘lgan mamlakat sifatida, vaziyatni jilovlash va ushbu mamlakatda kelib chiqadigan tahdid va muammolarga qarshi kurashish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda. Faqat bu vazifani uddalash qiyin”, deydi Tojikistonning KXSHTdagi doimiy vakili Hasan Sultonov tashkilot kengashi yig‘ilishida.
Tojikistonga ko‘ra, vaziyat KXSHT tomonidan “adekvat javob” talab qiladi. Boshqa narsalar qatori, “janubiy chegaralarni himoya qilish uchun” salohiyatni kuchaytirish zarur, deya qo‘shimcha qildi Sultonov.
“Shu nuqtai nazardan, Kollektiv xavfsizlik kengashining 2013 yil 23 sentyabrdagi “Tojikiston Respublikasiga tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlashda yordam ko‘rsatish to‘g‘risida” qarorining ijrosini ta’minlash zaruriyati dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun tashkilotga a’zo davlatlar ushbu hujjatning ijrosi to‘liq bajarilishiga hissa qo‘shishi kerak”, deydi u.
Ma’lumot uchun, hozirda KXSHTga Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston va Belarus a’zo hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH o‘z qo‘shinlarining 90 foizini, allaqachon, Afg‘onistondan olib chiqib ketdi. Bundan tashqari, Italiya va Germaniya ham ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqib ketgan. Xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi “Tolibon” harakatiga ustunlik bermoqda va ular birin-ketin mamlakat tumanlarini egallab kelmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning 50-70 foizi toliblar qo‘lida.
Bu esa o‘z navbatida Afg‘oniston hukumati qo‘shinlariga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ular toliblarga qarshi jangda vaqti-vaqti bilan chekinishga va hatto, qo‘shni O‘zbekiston hamda Tojikiston hududlariga qochib o‘tishga ham majbur bo‘lmoqda.
Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan. 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.
LiveBarchasi