Tojikiston Qozog‘istonni chilla qurg‘oqchiligidan qutqarmoqchi

Olam

image

Tojikiston Qozog‘istonga “Baxri Tochik” suv omboridan 315 million kubometr suv yuboradi. Bu haqda Tojikiston Energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma hamda Qozog‘iston ekologiya vaziri Magzum Mirzagaliyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilish doirasida qabul qilingan qarorda so‘z boradi.

Ma’lum qilinishicha, Tojikistondan Qozog‘istonga suv yuborish iyun va avgust oylari orasida amalga oshiriladi. Bunday chora Qozog‘istonning Turkiston va Qizilo‘rda viloyatlarida hosil o‘sishi davrida suv yetishmasligining oldini olishga imkon beradi.

Qozog‘iston tomonidan vazir Mirzagaliyevning ta’kidlashicha, Tojikistondan olinadigan suvdan tashqari, Qirg‘iziston tomoni ham respublikaga suv resurslari bilan yordam bermoqda. Qirg‘iziston suvni To‘qtogul suv omboridan yo‘naltiryapti.

Qozog‘iston Ekologiya vazirining so‘zlariga ko‘ra, Sirdaryo daryosi havzasida suv yetishmasligi sababli Turkiston va Qizilo‘rda viloyatlarida ham suv taqchilligi kelib chiqqan.

O‘z navbatida, Qozog‘iston “Baxri Tochik”dan qo‘shimcha foydalangan taqdirda, Tojikistonni moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Lekin aynan qanday tarzda qo‘llab-quvvatlashi haqida ma’lumot yo‘q. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, o‘tgan 2020 yili O‘zbekiston huddi shunday shakldagi suv resursidan qilingan yordam uchun Tojikistonga 150 ming AQSH dollar ajratgan.

Eslatib o‘tamiz, may oyining boshlarida Markaziy Osiyo davlatlari 2021 yil uchun Norin-Sirdaryo suv omborlari suvidan foydalanish chegaralarini va ishlash rejimini tasdiqladi.

Ma’lumot uchun, 1992 yildan buyon Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasida “Davlatlararo manbalarning suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishni birgalikda boshqarish sohasida hamkorlik to‘g‘risida” bitim amal qilib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

615

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing