“Tottenhem”dan “super kambek” yohud inglizcha final ko‘ramiz

Tahlil

image

Kechagi fantastikadan keyin “Ayaks” va “Tottenhem” o‘yinini ko‘rishga ishtiyoqim pasayib ketgandi. Hatto, “Ayaks”ning finalga chiqqani haqida chala maqola tayyorlab ham qo‘ydim. Ilk o‘yindagi g‘alaba, javob uchrashuvidagi birinchi taymda gollandiyalik “bolakay”larning ko‘rsatgan “hunari” “shporlar”ni shoshirib qo‘ygani rost. 

De Ligt va Ziyexning golidan so‘ng futbol muxlislari “Real Madrid” va “Yuventus”dan keyin navbat “Shporlar”ga yetib kelganiga ishona boshlashdi. 

Ammo bunga Pochettino rozi emasdi. “Tottenhem”ni o‘rtamiyona jamoadan top klubga aylantira olgan, yulduz futbolchilarni kashf etishda mohir ustoz tanaffusdan ko‘p narsa kutdi.  Kutgani besamar ketmadi. 

Maurisio Pochettino Angliya chempionati doirasida ko‘pam maydonga tushavermaydigan Lukas Mouraga bu safar imkon berdi. Mouro 5 daqiqa ichida dubl qayd etib, “shporlar”da g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqni o‘yg‘ota oldi. Demak, “Ayaks”ni yengish mumkin. Shundan so‘ng jamoalar maydonda to‘p uchun qattiq kurashishdi. Navbatma-navbat hujumlar, himoyadagi xatolar va qo‘polliklar ko‘zga tashlanib turdi. 

Asosiy vaqtga 5 daqiqa qo‘shib berildi. Hatto, 95-daqiqa o‘tib borayotgan vaqtda barcha “Ayaks”ni  finalga chiqarib qo‘yishdi. Ammo, Mouro bunga ko‘nmadi, xet-trik. “Yoxan Kroyf Arena”da “bomba”,  hisob 2:3, “Ayaks” ertagi tugadi. 

“Real Madrid”, “Yuventus”ni musobaqadan uloqtirgan “Ayaks” nega “Tottenhem” to‘sig‘idan o‘tolmadi. Sababini aniqlashga harakat qilib ko‘ramiz. 

Gollandcha “tarsaki” 

Keling siz bilan biroz moziyga, “Ayaks”ning ilk sensatsiyasiga nazar tashlasak.  Avval Zidan, keyin Ronaldoning “Qaymoqranglilar”dan ketishi, Lopetigining jamoaga kelishidek “sovg‘a”lar qarshisida yosh bolalardek ilojsiz qolgan “Qirollik klubi” futbolchilari mazmunsiz o‘yinlar namoyish etaverdi. Qoniqarsiz natijalar sabab, iste’foga chiqarilgan Xulen Lopetigi  o‘rniga Santyago Solari bosh murabbiy etib tayinlandi.  Solari esa hunar ko‘rsatib, Isko, Marselo kabi futbolchilarni zahiraga mixlab qo‘ydi. Yoshlarga imkon berildi. Jamoaning ichki muhiti yomonlasha bordi. Parokanda bo‘lgan jamoa har qancha chiranmasin, yosh, g‘alabaga tashna, eng muhimi jamoaviy o‘yin ko‘rsatgan “Ayaks”dan “tarsaki” qabul qilib oldi. Ramosning ko‘rsatgan “hunar”i esa Madrid jamoasiga qimmatga tushdi. 


Navbat “Yuventus”ga

Italiyada yetti mavsumdan buyon tengsiz bo‘lgan “Yuve” har safar yevrokuboklarda qoqilaverdi. Nima qilish kerak? Allegri katta tavakkalga qo‘l urdi. Ronaldo “Yuventus” safiga kelib qo‘shildi. U gollar urishni boshladi. UEFA Chempionlar ligasida jiddiy raqib “Atletiko Madrid” bilan ilk o‘yinda qabul qilib olingan mag‘lubiyatdan so‘ng Ronaldo ham “Yuve”ga hech nima qilib berolmasligi ko‘rinib qolgandek edi. Biroq, Ronaldo “matraschi”larning kushandasi ekanligini ko‘pchilik unutgandi. Turindagi o‘yinda Krish xet-trik qayd etib, bekorga kelmaganini eslatib qo‘ydi. 

Bu o‘yinlar arafasida Allegrining jamoadan ketishi haqidagi xabarlar nashrlar sahifasini bezab turdi. Futbolchilar ham sarosimaga tusha boshlagani o‘yinlarda sezilib qoldi. Ayniqsa, klubning Amsterdamda “Ayaks”ga qarshi o‘yini ko‘pchilikda xavotir o‘yg‘otdi. Safarda durang qayd etgan Allegri shogirdlari o‘z uyida g‘alaba qozonishiga shubha qilmagandi. Biroq Allegridagi ikkilanish alomati, futbolchilardagi tushkunlik o‘yinga ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Ronaldo gol kiritganda keyingi bosqich masalasi hal etilgandek edi. Ammo, “Ayaks”bunga rozi emasdi. Himoyadagi tartibsizlik, qanotda boy berilgan pozitsiyalar va markazning raqibga topshirib qo‘yilishi “Yuve”ni shu yerda to‘xtashga majbur qildi. “Uchar gollandlar”  jamoaviy o‘yin evaziga yulduz akalariga to‘pni qanday tepish kerakligidan dars o‘tib berdi. 

“Ayaks” ertagi tugadi

Nega shunday bo‘ldi? Sensatsiyalari bilan Yevropa futbolini larzaga keltirgan “Ayaks” “Real Madrid”va “Yuventus”ni mag‘lub etolgan bo‘lsa, nega “Tottenhem”dan o‘tolmadi? 

Birinchidan, “Tottenhem” klubi ham “Ayaks” singari o‘z o‘yinini jamoaviy ahillik ustiga qurgan. 

Ikkinchidan, “Ayaks”ning avvalgi raqiblaridan farqli o‘laroq, “Tottenhem” favorit emas, aksincha ikkinchi planda harakat qildi

Uchinchidan, jamoa ustozi Pochettino kuchli motivatorlik, psixologik xarakter va samimiy do‘stlikni qadrlovchi hislatlarga ega. Bu esa har qanday futbolchini maydonga “jangchi” sifatida tushira olishda asqotadigan jihatlar. “Manchester Siti” bilan o‘yinda “jangchi” rolini Son xin Min bajargan bo‘lsa, “Ayaks” bilan o‘yinda bu rolni zahira futbolchisi maqomidagi, ko‘rimsizgina Lukas Mouraga topshirdi. Natija – finalga yo‘l!


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

40

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing