Senatda O‘zbekiston YAIM 5,8 foiz ekani aytildi
Jamiyat
−
23 avgust 2019
3369Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Tanzila Norboyeva bugungi islohotlarning mohiyati, ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi:
“Xususan, yillar davomida go‘yoki erishib bo‘lmasdek tuyulgan xorijiy valyutaning erkin konvertatsiyasi amalda to‘liq joriy etilgani iqtisodiy taraqqiyotga keng yo‘l ochdi.
Aksariyat ijobiy ko‘rsatkichlar ko‘proq agrar sohadagi ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lib kelgan mamlakatimizda joriy yilning birinchi yarmida sanoat o‘sishi qaryib 7 foizni tashkil etganining o‘ziyoq fikrimiz dalilidir.
Qolaversa, faqat neft-gaz, kimyo va energetika sohalarida 2019 yilda qariyb 4,5 milliard AQSH dollariga teng 60 dan ziyod loyihani amalga oshirish rejalashtirilgani tom ma’nodagi tarixiy voqelikdir.
Ilgari faqat qog‘ozlarda aks etgan quruq raqamlardan farqli o‘laroq, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmining o‘sishi amalda 5,8 foizga yetgani esa, yangi tashabbuslar samarasidir.
Tariximizda birinchi marotaba investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizdan oshgani va shu tariqa 86 trillion so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilgani sarmoyadorlarning O‘zbekistonga qiziqishi va intilishi keskin kuchayganidan dalolatdir.
Hududlarni kompleks rivojlantirish borasida bugungi amaliy chora-tadbirlar ham tarixiy ahamiyatga molikdir.
G‘oyat qisqa muddatda birgina “Obod qishloq” dasturi doirasida qariyb 160 ta tumandagi 480 ga yaqin qishloqning yangicha qiyofa kasb etgani milliy davlatchilik tarixida kuzatilmagan voqelikdir.
Joriy yil yakuniga qadar 10 mingta uy-joy va 110 dan ziyod ko‘p qavatli uylarni bitkazish ko‘zda tutilgani odamlarning yillar davomidagi orzularining ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladi”.
LiveBarchasi