Toshkentni vayron qilgan tong: 1966 yilgi zilzilaga 55 yil to‘ldi

Foydali

image

1966 yil 26 aprel. Tong sahar soat 5:22 da Toshkentda zilzila yuz berdi. Bir kunda butun boshli shaharning katta qismi vayronaga aylandi, 78 ming oila boshpanasiz qoldi. Bugun ushbu fojiaga 55 yil to‘ldi.

QALAMPIR.UZ quyidagi maqolada Toshkentni titratgan zilzila, uning oqibatlari va qisqa vaqt ichida olib borilgan keng miqyosdagi qayta qurish ishlari hamda bugungi kunda bunday vayronagarchilikning takrorlanmasligi uchun olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlaydi.

Avvalo shuni aytish joizki, 1966 yildagi zilzila Toshkentni larzaga keltirgan ilk silkinish bo‘lmagan. Shaharda 100 yil oldin 1866 yilda ham kuchli zilzila yuz bergan.

1866 yil 26 aprel

Toshkent shahri seysmik jihatdan faol mintaqada joylashgan bo‘lib, bu yerda 8 balgacha zilzilalar kuzatiladi. 1866 yilning 26 aprel kuni ham Toshkent kuchli zilzilani boshdan o‘tkazgan.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, o‘sha falokat ham shaharga yetarlicha zarar yetkazgan: mozor va jome masjidlarining gumbazlari, jumladan, Xoja Ahror jome masjidining gumbazi, aholi yashaydigan imoratlar qulab, ko‘plab qurbonlar berilgan. Bu haqda XIX asrda yashagan toshkentlik tarixchi Muhammad Solih “Tarixi jadidayi Toshkand” (Yangi Toshkent tarixi) asarida hikoya qilgan.

Zilziladan oldin ko‘ringan shafaq

1966 yilgi falokatga qaytadigan bo‘lsak, zilziladan biroz avval, kuchli portlash sodir bo‘ldi. Shahar chekkasida shafaq ko‘rindi. Keyinroq olimlar shafaq nima sababdan kelib chiqqanini ma’lum qildi. Zilzila o‘chog‘i 5-10 kilometr chuqurda joylashgan bo‘lib, yer ostida yig‘ilgan tektonik kuchlanish yer yuzasiga chiqish vaqtida elektr energiyasiga aylangan va Toshkent aholisiga mana shu energiya shafaq bo‘lib ko‘ringan.

Zilzila oqibatlari 

1966 yilgi zilzila oqibatida Toshkentning markaziy qismi: 2 million kvadrat metrdan ziyod turar joy maydoni, 236 ta ma’muriy, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish, 181 ta ta’lim muassasasi, 185 ta tibbiyot, 245 ta sanoat binolari butunlay vayron bo‘ldi. 

O‘sha paytda Toshkentda yashovchi 1,5 million kishidan 78 ming oila yoki 300 ming aholi boshpanasiz qoldi. Hukumat qarori bilan vayron bo‘lgan bir qavatli uylarni tiklash o‘rniga yangi zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurildi. 3,5 yil ichida shahar butunlay qayta qad rostladi.

Ittifoq davlatlarining ko‘rsatgan yordami

Zilziladan so‘ng, SSSRning o‘sha vaqtdagi davlat va hukumat rahbarlari L.I. Brejnev, A.N.Kosigin va bir qator vazirlar darhol Toshkentga keldi. Ittifoq darajasidagi hukumat komissiyasi tashkil etildi. Unda Toshkentda Seysmologiya instituti hamda shaharni qayta bunyod etish masalalari ko‘rildi. 

Toshkent markazida SSSRga a’zo davlatlar ko‘magi bilan keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Shahar markazida hamda uning janubi-g‘arbiy qismida – Chilonzordagi bo‘sh joylarda bir nechta yangi mikrorayonlar qurildi.

Uzoq vaqt davomida ko‘plab uylar, mahalla va ko‘chalar o‘sha qiyin kunlarda Toshkentga yordam bergan shaharlarning nomlari bilan ataldi. Bunday birdamlik sharafiga O‘zbekiston poytaxtida “Jasorat” yodgorlik majmuasi barpo etildi.

Aholining ko‘magi

Fuqarolar ham qarab turgani yo‘q. Ularning shaxsiy va jamoaviy mablag‘larini o‘tkazadigan jamg‘arma tashkil etildi. Mazkur jamg‘armaga 10 million rubldan ortiq pul kelib tushgan. Mablag‘ning 5,5 million rubli yakka tartibdagi turar-joy binolarini ta’mirlash uchun tuman ijroiya qo‘mitalari tomonidan egalariga ajratildi.

Pulning bir qismi shaharda o‘yin maydonlari qurish, odamlar joylashtirilgan vaqtinchalik lagerlarda bepul ovqatlanish va boshqalarga yo‘naltirildi. 15 mingda ortiq oila o‘z roziligi bilan O‘zbekistonning boshqa hududlari yoki qo‘shni davlatlarga joylashtirildi.

O‘sha vaqtda SSSR shoiri Andrey Voznesenskiy Toshkentga yordam berish uchun quyidagi mazmunda chaqiruv-she’rini ham yozgandi:

Pomogite Tashkentu!

Ozverevshim shtaketnikom
vmyata jenina v stenku.
Ti rojayesh, Zemlya.
Govoryat, zdes krasiviye gorniye vstanut
massivi.
No nastolko l krasivo,
chtob jivix raskroshilo?
Yesli les - pomogi,
yesli xleb - pomogi,
yesli yest - pomogi,
yesli net - pomogi!

O‘zbekiston va zilzila 

O‘zbekiston faol seysmik mintaqada – Talas-Farg‘ona siljimasi hududida joylashgan, u yerda 4,0-5,5 ballgacha zilzilalar yuz berib turadi. Demak, ushbu tabiiy hodisalarni oldindan prognoz qilish o‘ta muhim masala. 

“Butun dunyoda zilzilalarni bashorat qilib, oldindan aytib bo‘lmaydi. Ammo biz bugun bashorat qilishning ilmiy va amaliy bazasini mustahkamlash ustida ish olib bormoqdamiz”, deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi seysmologiya instituti rahbari Vahob Rafiqov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

141

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing