Toshkentni suv bosgan kuni qancha yomg‘ir yog‘gani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
22 iyun 2022
8246Iyun oyi boshidan beri Toshkent shahrida o‘rtacha oylik yog‘ingarchilikning 130 foizi kuzatildi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur oy boshidan 21 iyun kuniga qadar Samarqand va Toshkent viloyatlarida yog‘ingarchilik me’yordan ko‘p kuzatilgan. Oy boshidan Toshkent shahrida o‘rtacha oylik yog‘ingarchilikning 130 foizi kuzatilgan. O‘zbekistonning katta qismida esa yog‘ingarchilikning umumiy miqdori o‘rtacha oylik iqlimiy ko‘rsatgichlaridan kam bo‘lgan.
O‘zgidrometning asosiy kuzatuv stansiyasi joylashgan Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Toshkent-Observatoriya hududida joriy yilning 20 iyun kuni qisqa vaqt oralig‘ida yog‘ib o‘tgan umumiy yog‘ingarchilik miqdori 15 mm (o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdoriga teng ko‘rsatgich) bo‘lgan bo‘lsa, poytaxtning boshqa bir qismi, xalqaro aeroport hududidagi kuzatuv stansiyasida bu ko‘rsatgich 21 mmni tashkil etgan.
Sutkaning 12 soati ichida 15 mm va undan ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilishi bu xavfli meteorologik hodisa hisoblanadi. Ayniqsa, yoz oylarida bu kabi yog‘ingarchilik odatda intensiv (jadal) ko‘rinishda yog‘ishi hisobiga, yo‘lsozlik va qurilish ob’ektlarida noto‘g‘ri yondashuv asosida barpo etilgan ob’ektlar (latok, suv o‘tkazish inshootlari, drenaj, kuchli yog‘ingarchilikka bardoshli tom yorilmalari) sel-suv bosish hodisalarini keltirib chiqarishi mumkin.
“Yoz oylarida poytaxtda 12 soat ichida 15 mm dan ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilishi juda kamdan kam holatlarda ro‘y beradi. Toshkent shahrida oxirgi o‘n yillikda yozning dastlabki iyun oyida birgina holatda sutka davomida 15 mm dan ko‘p yog‘ingarchilik kuzatildi. 2019 yilning iyun oyi boshlarida (3 va 6 iyun) Toshkentda ikki kun ichida umumiy 56 mm yog‘ingarchilik qayd etilgan. Yog‘ingarchiliklar do‘l va kuchli jadal yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ib o‘tgan”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi