Toshkentliklarning shoxi bormi? Nega Toshkent viloyatidan poytaxtga kirish-chiqishga cheklov yo‘q?

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha  Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan avtotransport vositalarida harakatlanishga o‘rnatilgan cheklovlar tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 10 iyul –1 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov) to‘xtatiladi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno). 

Xo‘sh, nima uchun viloyatlararo transport harakatining to‘xtatilishi Toshkent viloyati va Toshkent shahriga nisbatan qo‘llanilmayapti? Ushbu savolga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda IIV YHXBB boshlig‘i Olimjon Saidov quyidagicha javob berdi: 

“Toshkent shahri va Toshkent viloyati bir-biri bilan ma’muriy hudud sifatida uzviy bog‘liqligini inobatga olgan holda shu qarorga kelingan. Chunki Toshkent viloyatining aksariyat aholisi Toshkent shahrida yo ishlaydi, yo tirikchilik manbai sifatida kelib faoliyat yuritadi. Qolaversa, Toshkent shahri va Toshkent viloyati o‘rtasidagi chegaralar juda jipslashgan. Toshkent shahri to‘liq Toshkent viloyati qurshovida joylashgan. 

Shu bois maxsus komissiyaning navbatdagi qarorida Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno deb alohida urg‘u berildi.

Toshkent viloyatidan Toshkentr shahriga yoki aksincha, poytaxtdan Toshkent viloyatiga xizmat vazifasini bajarish uchun kelayotgan xodim ish vaqti tugaganidan keyin doimiy yashash joyiga yetib borishi uchun sharoit yaratiladi. Toshkent shahri atrofida joylashgan YPX maskanlari, to‘siq postlar va blok postlarda to‘siqsiz harakatlanadi”. 

Eslatib o‘tamiz, avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07:00 dan – 10:00 gacha, 17:00 dan – 20:00 gacha) tegishli hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi. 

Bunda avtotransport vositalarining harakatlanishi davomida santariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish talab etiladi.

Viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari atrofidagi yo‘l patrul xizmati maskanlari, blokpostlar va to‘siq postlar faoliyati ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi kuchlarini hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi vakillarini jalb qilgan holda kuchaytiriladi. 

Karantin davrida fuqarolarning mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanishiga faqatgina tibbiy niqobdan foydalangan holda hayotiy zarur ehtiyojlari – dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi.

Avtotransport vositalari harakatlanishi uchun Adliya vazirligi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llaniladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

688

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing