Toshkentdan Xitoyning Sian shahriga aviareys qo‘yilmoqda
Jamiyat
−
27 Sentabr 2019
2147Bugun, 27 sentyabr kuni Xitoyning “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” aviakompaniyasi Sian — Toshkent — Sian yo‘nalishi bo‘ylab O‘zbekistonga ilk charter reysini amalga oshiradi.
2021 yilga kelib xorijiy mamlakatlarga chiqayotgan xitoylik sayyohlarning soni 200 million kishiga borib yetishi kutilyapti. Ular o‘z safarlari davomida sarflaydigan mablag‘ miqdori esa 400 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Aynan ushbu jihatni inobatga olganda Sian — Toshkent — Sian reysining yo‘lga qo‘yilishi ahamiyatlidir. Ushbu yo‘nalishda aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishiga Shensi provinsiyasidagi sayyohlik kompaniyalari ham katta qiziqish bildirayapti.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida aviatsiya sohasidagi hamkorlik 1994 yilning 19 aprelda Toshkentda imzolangan havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim hamda ikki davlat aviatsiya hukumatlari darajasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumlari orqali tartibga solinadi. Bugungi kunda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va “China Southern Airlines” aviakompaniyalari o‘zaro ikki tomonlama kelishuvlarda belgilangan Toshkent — Pekin va Toshkent — Urumchi yo‘nalishlarida haftasiga ikki marotaba doimiy parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.
Ikki tomonlama kelishuvlarga muvofiq ayni damda Sian shahri tasdiqlangan kompaniyalar tomonidan doimiy parvozlarni amalga oshirish manzili sifatida belgilanmagan. Hozirda ikki davlat transport vazirliklari va tegishli idoralari tomonidan “Sian — Toshkent — Sian” charter reys parvozlarini kelgusida muntazam ravishda amalga oshirishni tashkil etish masalasi hal etilmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi parvozlar chastotasini haftasiga 15 taga yetkazish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga Sanya, Iu, Guanjou va Shanxay shaharlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni tashkil etish borasida ham muzokaralar olib borilmoqda.
“Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” aviakompaniyasi 2011 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘z flotida 42 ta avialaynerga ega. Bugungi kunga qadar kompaniya 200 dan ortiq mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda yuk va yo‘lovchi yo‘nalishlarini ochgan.
Sian — Toshkent — Sian yo‘nalishi bo‘ylab ilk parvoz 173 kishini o‘zida sig‘dira oluvchi Airbus A320neo samolyotida amalga oshiriladi. Reysning birinchi yo‘lovchisi mazkur aviakompaniya rahbari Lyu I bo‘lishi kutilmoqda.
LiveBarchasi