Toshkentdan gapiramiz: Senatning ikkinchi yalpi majlisi boshlandi

Jamiyat

image

Bugun, 28 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi boshlandi. Unda 85 nafar senator ishtirok etmoqda. Ayni vaqtda QALAMPIR.UZ muxbiri yalpi majlisdan xabar bermoqda. 

Yalpi majlisda Senat a’zolari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq sohalaridagi islohotlarni izchil davom ettirish, mahalla va oila institutini mustahkamlash, bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari hamda muhim masalalar muhokama qilish nazarda tutilmoqda.

•    “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi;
•    “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi;
•    “Metrologiya to‘g‘risida”gi;
•    “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinadi. 

Shuningdek, senatorlar bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi, sud ish yurituviga axborot texnologiyalarini joriy etish davom ettirilishi va nizolarni sudgacha hal qilish muddatlari maqbullashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadigan qonunlarni ko‘rib chiqadilar.  

Yalpi majlisda  “Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konfrensiyasi Ustavini (Gaaga, 1951 yil 31 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama etiladi.

Senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-madaniy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini tasdiqlash haqidagi masala ham ko‘rib chiqiladi.

Senat a’zolari O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019 yilda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha faoliyati haqidagi axborotlarini eshitadi.  

Yalpi majlis ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadilar.

Shuningdek, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga avval yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini ham muhokama qilish nazarda tutilmoqda.

Senat rasmiy saytida qayd etilishicha, yalpi majlisni Oliy Majlis Senatining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn rejimda kuzatib borish mumkin. 

Suratlar muallifi: Bahodir Ahmedov


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

40

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing