Toshkentdagi zaharli chang ortidan maxsus komissiya tuzildi
Jamiyat
−
25 noyabr 1703 3 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani, ushbu hujjatga muvofiq poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgani haqida xabar bergan edik.
Maxsus komissiya zimmasiga quyidagilar yuklanmoqda:
• Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni doimiy tahlil va monitoring qilish, ekologik vaziyatning yomonlashish tendensiyalarini prognoz qilish;
• ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining harakatlarini muvofiqlashtirish hamda ular o‘rtasida zarur hamkorlik va ma’lumot almashishni tashkil etish;
• ekologik muammolar bo‘yicha tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, ushbu muammolarning oldini olish bo‘yicha, shu jumladan, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida hamda xorijiy va mahalliy olim va ekspertlarni jalb etgan holda, zamonaviy samarali usullarni ishlab chiqish va joriy etish;
• Toshkent shahrida ekologik vaziyat murakkablashgan hollarda uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, shu jumladan, umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirishni ta’minlash;
• ommaviy axborot vositalarini (televideniye, radio, internet, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa operatorlari va boshqalarni) jalb qilgan holda, mavjud ekologik holat, uning aholi salomatligiga ta’siri va profilaktika qilish usullari bo‘yicha tushuntirish ishlarini samarali tashkil etish;
• Toshkent shahrida ekologik vaziyat murakkablashgan hollarda uni yaxshilashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish.
Farmon bilan maxsus komissiyaga quyidagi vakolatlar berilmoqda:
- Tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qilish;
Transport vositalari harakatini cheklash, jumladan:
• Toshkent shahrida yuk tashish avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
• avtotransport vositalarining, shu jumladan, davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishini cheklash amaliyotini joriy qilish (elektromobillar bundan mustasno);
• harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadigan avtotransport vositalari turlari, ko‘chalar va boshqa hududlarni belgilash;
• atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa ob’ektlar faoliyatini vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatish;
• Toshkent shahridan boshqa hududlarga ko‘chirilishi majburiy bo‘lgan sanoat korxonalari va zonalarini belgilash;
• sanoat korxonalari uchun tashlamalarning ruxsat etilgan miqdorini belgilash va ushbu talabni buzgan sanoat korxonalari faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha belgilangan tartibda chora ko‘rish;
• qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilish, shu jumladan, qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni o‘rnatish va boshqa talablar;
• davlat organlari va boshqa tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini ekologik talablarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida muvofiqlashtirish;
• oqar suv (daryo, kanal, ariq) ob’ektlarida suv ob’ektlari qirg‘oq muhofaza mintaqa zonalarida qurilishni taqiqlash va ekologik vaziyatni yaxshilash bilan bog‘liq boshqa vakolatlar.
Maxsus komissiyaning yuklatilgan vazifalar va berilgan vakolatlar doirasida qabul qilingan qarorlari, ko‘rsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
Live
Barchasi