Toshkentdagi zaharli havoning asosiy omili nimaligi aytildi

Jamiyat

image

Bir necha kundan buyon Toshkentda kuzatilayotgan va mutaxassislar tomonidan sog‘liqqa o‘ta zararli, deb baholanayotgan PM 2,5 zarrachalarining asosiy omili tabiiy chang bo‘lib qolmoqda. Bu haqda so‘nggi vaqtlarda Toshkentda kuzatilayotgan ob-havo bo‘yicha QALAMPIR.UZga yetib kelgan yopiq hujjatda so‘z boradi. 

Unda qayd etilishicha, Toshkentdagi zaharli PM 2,5 zarrachalarining asosiy hissadori tabiiy chang bo‘lib, u umumiy miqdorning 36 foizini tashkil etmoqda. Issiqlik ta’minotidan chiqayotgan zaharli tutunlar esa 28 foizga teng. Shuningdek: 

•    transport vositalari – 16%;
•    yengil sanoat – 7%;
•    og‘ir sanoat – 6%;
•    shahar changi – 6%;
•    chiqindilar – 1% ni tashkil etmoqda. 

Ushbu ro‘yxatga qurilish ob’ektlaridan chiqayotgan chang omil sifatida kiritilmagan. 

Ma’lumotnomada qayd etilishicha, 2024 yilda Toshkent shahri atmosferasiga 405,6 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilgan. 

Issiqlik ta’minoti hissasiga to‘g‘ri kelayotgan 28 foiz chang miqdorini issiqlik elektr stansiyalari, issiqlik markazlari, sanoat korxonalari, issiqxonalar tashkil etmoqda. Bu 9 ta issiqlik markazlari, “Yangi Angren” IES, “Toshkent” IES, “Angren” IES, 6517 ta issiqxonaga teng degani. 

Agar O‘zbekistonda 2019 yil 3,9 million tonna ko‘mir yoqilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu miqdor 11,5 million tonnani tashkil etgan. 

2022 yilda yiliga 446 million tonna mazut yoqilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu miqdor 749 million tonnaga teng. 

Eslatib o‘tamiz, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda har 1 daqiqada Markaziy Osiyo davlatlarining 9 kv metr maydoni cho‘llanishga uchrayotgan, dunyo bo‘ylab cho‘llanish kuchayib borayotganini va changlarning asosini aynan cho‘llanish tashkil qilayotganini aytgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing