Toshkentdagi masjidlar tekshirilganidan maqsad nima edi?

Jamiyat

image

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan masjidlar asossiz, yoppasiga tekshirilayotgani, bundan ko‘zlangan maqsad – diniy soha vakillarini yana bosim ostiga olish, ularni jazolash ekani haqida ma’lumotlar tarqatildi. Ushbu xabarlarga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘z munosabatini bildirdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi 946-son qarori bilan tasdiqlangan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita nizomining 12-bandiga ko‘ra, Qo‘mita diniy tashkilotlarga faoliyatini amalga oshirishda tashkiliy, huquqiy va metodik yordam ko‘rsatadi. 

Shunga muvofiq, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va noislomiy konfessiyalarga oid diniy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada jadallashtirish, ularga sohaga doir me’yoriy hujjatlarni yuritishda uslubiy jihatdan yordam ko‘rsatish bo‘yicha turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.

Joriy yilning fevral oyida ikki tashkilot mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan Toshkent shahridagi masjidlarga tashkil etilgan tashriflar ham shular jumlasidandir.

Aytish joizki, imom-xatib nafaqat diniy ibodat va marosimlarni o‘tkazuvchi mutaxassis, balki ayni paytda adliya idoralari oldida diniy tashkilot rahbari sifatida hisobdordir. Shunga ko‘ra, diniy soha xodimlarining huquqiy savodxonligi va hujjat yuritish bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarini oshirish bugungi kun talabi hisoblanadi.

Aniqlangan ayrim muammoli holatlar haqida imom-xatiblarga ushbu kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar, shuningdek, masjid hujjatlarining yuritilishi yuzasidan amaliy-uslubiy tushuntirishlar berildi”, deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, Mirobod tumanidagi “Al Badr”, Olmazor tumanidagi “Do‘stjonboy”, Uchtepa tumanidagi “Abu Hurayra” va “Aziz ota” hamda Yunusobod tumanidagi “Kamoliddin Orif al-Buxoriy” masjidlarining tahoratxonasi torligi, bu holatning aholiga noqulayliklar keltirib chiqarayotgani sababli ularni kengaytirish va ta’mirlash, “Imom Hasan” va “Ko‘kcha Oqtepa” masjidlari xonaqohlari va tahoratxonalari ta’mirtalab holatda ekani sababli ularni qayta qurish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilib, hamkorlikda yangi binolar loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ishlari tizimli davom ettirilishi rejalashtirilgan.

“Kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy veb-saytida ma’lumot berilib boriladi.

Shu o‘rinda, aholi orasida turli noxolis ma’lumot tarqatayotganlarga nisbatan, voqe’likka xolis yondashish va jamoatchilikka to‘g‘ri xabar yetkazishni tavsiya qilamiz!”, deyiladi Diniy qo‘mita munosabatida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

211

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing