Toshkentdagi kompyuterxona yerto‘lasidan maymun topildi
3-sahifa
−
19:05 516 1 daqiqa
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kompyuterxona yerto‘lasida yovvoyi hayvon – maymun saqlanayotgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ekopolitsiyaning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi xodimlari navbatdagi reyd tadbiri davomida Qorasuv-6 dahasida joylashgan kompyuterxona yerto‘lasida maymun saqlanayotganini aniqlagan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, hayvonning xavfsizligi va keyingi parvarishini ta’minlash maqsadida maymun Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan.
“Yovvoyi hayvonlarni tegishli sharoit va mutaxassislar nazoratisiz saqlash ularning sog‘lig‘i va hayoti uchun xavf tug‘dirishi, shuningdek, aholi xavfsizligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, deyiladi boshqarma munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahridagi ko‘p qavatli uylardan birining yerto‘lasida sun’iy hovuz o‘rnatilib, unda “Akulasimon som” boqilayotgani aniqlangan edi.