Toshkentdagi xususiy bog‘chada 3 yoshli bolaning yelkasi sindi
3-sahifa
−
29 Oktabr 6555 3 daqiqa
QALAMPIR.UZ’ga Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi “Magnat” xususiy bog‘chasida 4 oydan beri tarbiyalanib kelayotgan bolaning yelkasi singani haqida ma’lumot kelib tushdi. Bolaning onasi tahririyatga murojaat qilib, joriy yilning 21 oktyabr kuni bog‘chada 3 yoshli o‘g‘lining yelkasi singani, biroq unga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilmagani, holat haqida esa faqat o‘zi bog‘chaga kelganidan so‘ng xabar topganini ma’lum qildi.
“21 oktyabr kuni soat 17:00 larda bog‘chaga bordim. Farzandim hovlida g‘amgin turgan edi. Har safar “oyijon” deb kulib, yugurib keladigan farzandim bu safar sekin, sust qadamlar bilan chiqdi. Eshik oldida turgan bog‘cha opa unga tezroq yur dedi. Eshikdan chiqqach, uni ko‘targanimda farzandim dod solib yig‘lab yubordi. Yerga qo‘ydim, balki noto‘g‘ri ushladimmi deb, lekin kiyimini yechib, qo‘lini tekshirganimda u qo‘lini umuman ko‘tarmasdi, menga ham tekkizmasdan qattiq yig‘lardi. Nima bo‘lganini so‘rasam, gapira olmadi, faqat yig‘ladi. Sal o‘ziga kelgach, ustozi qattiq bosib olganini aytdi”, deydi murojaatchi.
Onaning aytishicha, u voqeadan so‘ng tarbiyachiga qo‘ng‘iroq qilgan, biroq javob ololmagan. Telegram messenjerida holat haqida so‘ralganda, bog‘cha xodimi “ko‘rpa yig‘ilayotganda boshqa bolalar uning ustidan bosib olgan, hech narsa bo‘lmagan”, deb javob qaytargan.
Bola shifoxonada rentgen tekshiruvidan o‘tkazilganda, o‘ng o‘mrov suyakning yopiq, po‘stloqosti sinishi, ya’ni yelkasi singani aniqlangan.
%20copy(23).jpg)
“Gips qo‘yish uchun navbatda turganimizda bog‘cha opaga yozdim, rentgen suratlarini yubordim. Mana, singan ekan. Nega hech kim qaramadi, bolam necha soatdan beri qiynalgan desam, u o‘zingizni bosib oling dedi. Men 3 yoshli bolaning yelkasi singanini aytsam, singanida yig‘lardi, biz bilardik deb javob berdi. Bog‘chaning Telegram kanali bor, unda direktor va ota-onalar ham bor. Shu yerga ovozli xabar orqali holatni to‘liq tushuntirib, rentgen suratlarini yubordim. Biroq ikki daqiqa o‘tmay barcha xabarlarim o‘chirildi va yozish imkoniyati yopildi”, deya qo‘shimcha qiladi ona.
QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida bog‘cha ma’muriyati bilan bog‘landi. Tashkilot rahbari bolani tarbiyachi emas, balki boshqa tarbiyalanuvchilar ko‘rpa ostida o‘ynash paytida bosib olganini bildirdi. Tarbiyachi esa bolani ko‘rpa ostidan olganida, bola bu holatni “tarbiyachi bosib oldi” deb o‘ylagan bo‘lishi mumkinligi aytildi. Tarbiyachiga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llangani, MCHJ rahbari bolaning sog‘lig‘i tiklanishi uchun barcha xarajatlarni qoplashga tayyor ekanini, biroq bolaning oilasi buni rad etganini ma’lum qildi.
Hodisa yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hozircha rasmiy munosabat bildirmagan.
Live
Barchasi