Toshkentdagi “dom”larning eskirganlik darajasi tekshiriladi
Jamiyat
−
08 may 2022
8601Endi Toshkentda ko‘p qavatli uylarning holati to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar umumiylashtirilib, ularning eskirganlik darajasi aniqlanadi. Bu haqda shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida turli yillarda qariyb 12 000 ta ko‘p qavatli uylar qurilgan bo‘lib, ulardan har biri qandaydir eskirganlik darajasiga ega.
Shu sabab, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i Shohruh Rahimjonov va shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Raqamli rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Aleksey Xen o‘z xodimlari bilan birgalikda ko‘p qavatli turar joylarning holatini inventarizatsiya qilish va baholash uchun axborot tizimini yaratib, ishga tushirgan.
12 nafar kommunal inspektor ko‘p qavatli uylarni aylanib chiqib, tomlar, yerto‘lalar, fasadlarni suratga oladi va ko‘plab mezonlar bo‘yicha maxsus tuzilgan so‘rovnomani to‘ldiradi hamda har bir holatni besh balli tizimda baholaydi.
Fotosuratlarni jo‘natish va so‘rovnomani to‘ldirishdan oldin inspektor "Garmoniya" manzillar reyestrida binoni tanlaydi, GPS tizimi inspektorning koordinatalarini aniqlaydi va ularni tekshirilayotgan uyning koordinatalari bilan taqqoslaydi. Agar koordinatalar mos kelsa va fotosuratning aslligi tekshirilib, to‘g‘ri kelsa, inspektorning kiritgan ma’lumotlari tasdiqlanadi. Bundan ayon bo‘ladiki, ofisda o‘tirib, joyga bormasdan va binoni ko‘zdan kechirmasdan, bu haqda ma’lumot yuborish mumkin emas.
Inspektor, shuningdek uyning fasadi, yo‘laklari, raqami, yoritish tizimi, noqonuniy qurilmalar mavjudligi va binoning boshqa parametrlarini hisobga oladi. Administrator inspektorning barcha ma’lumotlarini tekshiradi va ularni tasdiqlaydi yoki ba’zi ma’lumotlarga aniqlik kiritishni so‘raydi.
Hokimlikka ko‘ra, taxminan uch oy ichida barcha ko‘p qavatli uylarni o‘rganishni yakunlash, ma’lumotlarni umumlashtirish, ularni Toshkent shahri xaritasiga kiritish va aniqlangan kamchiliklarni dolzarbligiga ko‘ra kuchlarni jamlagan holda bartaraf etish bo‘yicha optimal reja ishlab chiqish rejalashtirilgan.
LiveBarchasi