Toshkentdagi 14 ta eski mahallani saqlab qolish uchun maxsus hudud tashkil etiladi. Bular qaysilar?

Jamiyat

image

Yaqin yillar davomida Toshkentda qator ko‘p qavatli binolarning va yangi yo‘llarning qurilishi natijasida poytaxt “betonlashib” qoldi. Poytaxt qiyofasining tubdan o‘zgarishi, yangi va zamonaviy binolarning qad ko‘tarishi yaxshi, albatta. Ammo, qaysidir zamonaviy “city”ning qurilishi fuqarolarning o‘z uylarini tashlab ketishi, tarix ahamiyatga ega mahallalarini yo‘q bo‘lishiga olib kelmasligi kerak. Toshkentning har bir mahallasida olib borilayotgan qurilishlar milliy an’anlarga va qadriyatlarga zarar yetkazmasligi juda muhim.

Shu maqsadda Toshkentdagi etnografik ahamiyatga ega va tarixiy ob’ektlar joylashgan 14 ta mahallani shahardan ajratmagan holda saqlab qolish, rekonstruksiya va restavratsiya qilish bo‘yicha maxsus loyiha ishlab chiqilgan. Mazkur loyiha O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan ishlab chiqildi. Loyiha doirasida Toshkent shahri Olmazor va Shayxontohur tumanlarida joylashgan Xast-Imom, Hofiz Ko‘hakiy, Abu Bakr Shoshiy, Qo‘shtut, Chig‘atoy Darvoza, Eski Shahar, Namuna, Guzarboshi, Hazrati Imom, Achobod, Guruch Ariq, Qorasaroy, Xonchorbog‘ va Gulbozor mahallalarida an’anaviy hayot tarzini saqlab qolgan holda Davlat tarixiy-ma’muriy etnografik hududini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda ushbu loyiha Toshkent shahar hokimligi hamda Shveysariyaning Syurix Oliy texnika maktabi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda UNESCO va O‘zbekiston o‘rtasida bir qator yo‘l xaritalari qabul qilingan bo‘lib, ularning orasidan mahallalarni saqlab qolish, kelajak avlodga bezarar yetkazish kabi yo‘nalishlar ham bor.

“Hammamizga ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekistondagi qator tarixiy ob’ektlar mavjud hududlar UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan. Masalan, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Samarqand. Mana shu ro‘yxatga qaraydigan bo‘lsangiz, u yerda faqat tarixiy ob’ektlar kiritilmagan. O‘sha tarixiy yodgorlik atrofidagi ma’lum bir hudud ham ro‘yxatga kiritilgan. Sababi, tarixiy ob’ektlar  atrofidagi mahallalar, guzarlar va ko‘chalar ham etnografik ahamiyatga ega.

Aytishim mumkinki, ro‘yxatga kiritilgan mahallalar Butunjahon merosiga kirgan tarixiy ob’ektlarning ajralmas qismidir. Agar bu mahallalarga zarar yetsa, butunjahon merosiga ham putur yetadi”, deydi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Mahalla kelajagi” nomli davra suhbatida UNESCO’ning O‘zbekistondagi vakili Sanjar Allayorov.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston hukumati ko‘magi bilan bu yil La Biennale di Venezia – Venetsiyadagi XVII Xalqaro arxitektura biyennalesida O‘zbekistonning “Mahalla: shahar va qishloq hayoti”, deb nomlangan birinchi Milliy paviloni taqdim etildi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekistoning birinchi Milliy paviloni Komissari bo‘ldi. Pavilon rahbarlari sifatida esa Syurix Oliy texnika maktabi professorlari Emmanuel Krist va Kristof Gantenbeyn tanlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

362

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing