Toshkentda yo‘llarni yaxshilash uchun “bir dunyo” pul ajratiladi
Jamiyat
−
29 iyun 2020
6959Yaqin 10 yil ichida Toshkent shahrining Bektemir va Sergeli tumanlarining hududlaridan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi qirg‘oq bo‘yida umumiy uzunligi 656 kilometr bo‘lgan piyodalar va velosipedlar uchun yurish yo‘llaklari quriladi. Shu va boshqa loyihalar uchun jami 15 yil muddatga 200 million dollar va 3 yilga 1 trln so‘m foizsiz ssuda ijratiladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida keltirib o‘tilgan. Qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhomasi portaliga joylashtirildi.
Mazkur hujjat bilan Sergeli tumanidagi kichik sanoat zonalarining (“Industrial park “Sergeli” kichik sanoat zonasi, “Xonobod” QFY) maqsadli parametrlarini hamda 2020-2021 yillarda qurilishi va rekonstruksiya qilinishi zarur bo‘lgan Toshkent shahrining yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlarining ro‘yxatini tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2020-2030 yillarga Toshkent shahrining yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozimligi qayd etilgan.
Loyihada Toshkent shahrining Bektemir va Sergeli tumanlarining hududlaridan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi qirg‘oq bo‘yida umumiy uzunligi 656 kilometr bo‘lgan piyodalar va velosipedlar yurish yo‘llarini qurish ham belgilangan. Moliya Vazirligi Toshkent shahar hokimligiga mazkur loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun 2023 yilgacha muddatga 1 trln so‘m foizsiz ssuda ajratiladi.
O‘zbekiston Respublikasining qator vazirliklari bilan birgalikda 2020-2030 yillarda Toshkent shahrining yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun 15 yillik muddatga 200 million dollargacha qiymatda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati ostida Toshkent shahar hokimligiga kredit mablag‘larini taqdim etish uchun Fransiya tarraqiyot agentligi va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlarning moliya tashkilotlarining qarz mablag‘lari jalb etilish belgilangan.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 avgustdagi PQ-3895-son “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorining 9-bandi bilan ko‘zda tutilgan imtiyozlarni 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish ham nazarda tutilgan.
Shu bilan birga Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida bo‘sh turgan va samarasiz ishlatib kelinayotgan inshootlar negizida “Ishbilarmonlik markazlari”ni tashkil qilish belgilanmoqda. Bu markazlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha malakaviy o‘quv kurslarini tashkillashtirish, band bo‘lmagan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda xorijdan kelayotgan fuqarolarga moslashishda yordam berish yo‘li bilan Toshkent shahrining band bo‘lmagan aholisini ishga joylashtirishni ta’minlash vazifasini bajaradi.
Bundan tashqari qarorda Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent shahridagi "Inxa" universiteti filiallari va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida biznes-inkubatorlarni tashkil etish ham belgilangan.
LiveBarchasi