Toshkentda yangi akvapark quriladi. Prezident yangi loyihalar bilan tanishdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 aprel kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Davlat rahbarining 2021 yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgan edi. Qarorda mazkur universitet uchun yer ajratish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda zamonaviy o‘quv kampusi loyihasi ishlab chiqish va qurish vazifasi belgilangan.

Tadimotda dastlab ushbu loyiha ko‘rib chiqildi. Universitet uchun poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘yida 30 gektar yer ajratilgan. Majmua loyihasi Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, bu yerda 5 ta fakultet uchun o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport saroyi va stadion barpo etiladi.

Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.

Davlat rahbari majmuani sifatli qurish, o‘quv binolarida buyuk allomalar siymosi va merosini aks ettirish, yoshlarning o‘qishi va harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.       
Yana bir loyiha kelgusida davlat muzeylarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra, binolarning arxitekturasi va tarixiy qiymatini saqlab qolgan holda ichki sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilgan. Jahondagi mashhur muzeylar tajribasi asosida eksponatlarning ko‘rimliligini oshirish, tarixiy ashyolarni bezarar saqlash, keluvchilarga qulayliklar yaratish bo‘yicha hamma jihatlar inobatga olingan. Bu ishlar natijasida muzeylarning ko‘rgazma maydoni kengayib, aholi va sayyohlar uchun jozibadorligi oshadi.

Yashnobod tumanidagi “Texnopark” hududida akvapark barpo etish loyihasi ham istiqbolli. Buning uchun hozirda foydalanilmay turgan bino bilan birga 4,5 gektar yer mo‘ljallangan. Majmua to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi evaziga barpo etiladi. Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, attraksionlar, tamaddixona, o‘yin maydonchalari bo‘ladi.

Ma’lumki, mamlakatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Shunga mutanosib ravishda, Yunusobod tumanidagi Astronomiya parki hududida gullar bog‘i barpo etish rejalashtirilgan. Bu joy aholining madaniy dam olishi, poytaxtimiz ekologiyasi yaxshilanishi uchun yana bir omil bo‘ladi. 

Taqdimotda shaharlararo yo‘l infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Xususan, Pop tumani bilan Namangan shahri o‘rtasidagi avtomobil yo‘lini kengaytirish loyihasi ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz bu hududning relefini inobatga olib, yo‘lni haydovchilarga qulay qilib qurish, insonlar xavsizligini birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligin ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

170

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing