Toshkentda uy-joy ijara narxlari tushdi
Olam
−
10 dekabr
64892024 yilning noyabr oyida Toshkent shahrida uy-joylar uchun o‘rtacha ijara narxlari pasaydi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu davrda poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari oktyabr oyiga nisbatan 1,3 foizga pasaygan bo‘lsa, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha narxlar deyarli o‘zgarmagan.
2024 yilning noyabr oyida o‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxi oktyabr oyiga nisbatan 0,9 foizga, 2 xonalilar uchun 1,3 foizga, 4 xonalilar uchun 3,9 foizga tushgan. 3 xonali xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxida esa biroz (0,8 foizga) ko‘tarilish kuzatilgan.
Shuningdek, o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali - 298 AQSH dollari, 2 xonali – 360 AQSH dollari, 3 xonali – 404 AQSH dollari, 4 xonali - 411 AQSH dollari) va Olmazor (1 xonali – 330 AQSH dollari, 2 xonali – 364 AQSH dollari, 3 xonali – 463 AQSH dollari, 4 xonali – 479 AQSH dollari) tumanlarida joylashgan uylar sanalgan.
Eng qimmat ijara narxlari esa Mirobod (1 xonali – 378 AQSH dollari, 2 xonali – 516 AQSH dollari, 3 xonali – 680 AQSH dollari, 4 xonali – 865 AQSH dollari) va Yakkasaroy (1 xonali – 367 AQSH dollari, 2 xonali – 488 AQSH dollari, 3 xonali – 668 AQSH dollari, 4 xonali – 743 AQSH dollari) tumanlarida kuzatilgan.
Qayd etilishicha, ushbu davrda to‘liq ta’mirlangan 2 xonali (559 AQSH dollari) va 3 xonali (733 AQSH dollari) uy-joylarning ijara narxi deyarli o‘zgarishsiz qolgan, lekin 1 xonali uylar ijara narxlari 0,6 foizga oshgani kuzatilgan. Talab darajasi nisbatan kam bo‘lgan 4 xonali uylarning ijara narxi esa o‘rtacha 0,9 foizga pasaygan.
Xabarga ko‘ra. to‘liq ta’mirlangan uy-joylarning eng arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali – 331 AQSH dollari, 2 xonali – 410 AQSH dollari, 3 xonali – 509 AQSH dollari, 4 xonali – 587 AQSH dollari) va Uchtepa (1 xonali – 353 AQSH dollari, 2 xonali – 450 AQSH dollari, 3 xonali – 554 AQSH dollari, 4 xonali – 688 AQSH dollari) tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, eng qimmat ijara narxlari Mirobod (1 xonali – 479 AQSH dollari, 2 xonali – 718 AQSH dollari, 3 xonali – 984 AQSH dollari, 4 xonali – 1313 AQSH dollari) va Shayxontohur (1 xonali – 520 AQSH dollari, 2 xonali – 730 AQSH dollari, 3 xonali – 1032 AQSH dollari, 4 xonali – 1258 AQSH dollari) tumanlarida kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Toshkentning 14 ta markaziy tumanlaridan 5 tasida uy-joy ijarasi narxi pasaygandi. Eng katta pasayish Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilib, bu tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 4,5 foizga kamaydi. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda narx bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etdi.
LiveBarchasi