Toshkentda o‘g‘irlab ketilgan fuqaroning oilasidan pul talab qilindi (video)
3-sahifa
−
07 fevral 5296 2 daqiqa
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmatining poytaxt bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tovlamachilik bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi. Bu haqda idoraning axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘zini ko‘cha bezorilari sifatida tutib kelgan ikki nafar shaxs Shayxontohur tumani Samarqand darvoza ko‘chasida fuqarolardan biriga tan jarohati yetkazib, uni majburan avtomobilga o‘tqazgan. So‘ng noma’lum tomonga olib ketib, pichoq bilan tahdid qilib, 1700 AQSH dollari talab qilgan. Jabrlanuvchining oila a’zolari pulni topshirgach, u ozod etilgan.
Biroq oradan bir necha kun o‘tgach, gumonlanuvchilar yana 1400 dollar talab qilgan, keyinchalik esa qo‘shimcha ravishda 1600 dollar so‘rashgan. Olingan ko‘rsatmalarga ko‘ra, ulardan biri uchrashuvga sovutli qurol – pichoq bilan kelganini tan olgan.
Mazkur holat yuzasidan Nurmuhammad va Sanjar ismli shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bilan ushlangan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yil boshidan buyon respublika hududlarida ko‘cha bezoriligi, tovlamachilik va zo‘ravonlik bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha ketma-ket tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamentining ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tadbirlar kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, og‘ir va uyushgan jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan kuchaytirilgan choralar doirasida olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda intim suratlarni tarqatmaslik uchun dugonasidan pul talab qilgan ayol ham ushlangan edi.
Live
Barchasi