Toshkentda tirbandlikdan avtobus yo‘lovchilari ko‘proq aziyat chekmoqda – PMTI
Jamiyat
−
10 mart 2023
4850Toshkentda tirbandlikdan avtobus va mikroavtobus yo‘lovchilari boshqalarga qaraganda ko‘proq aziyat chekmoqda. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining o‘tkazgan tadqiqotida keltirilgan.
Qayd etilishicha, tadqiqot davomida Toshkent shahri aholisining tirbandlikka munosabati va uni kamaytirish bo‘yicha takliflarini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rov tashkil etilgan. Unda jami 891 kishi ishtirok etib, ishtirokchilarning 60,8 foizini avtomobil haydovchilari tashkil etgan. Ishtirokchilarning 10,3 foizi ayollardir.
So‘rov natijasida ishtirokchilar asosan qaysi transport vositasini afzal ko‘rishi aniqlangan.
Avtomobil boshqarmasligini ta’kidlagan ishtirokchilarning 41,8 foizi avtobus, 27,5 foizi metro, 24,1 foizi taksi, 1,7 foizi mikroavtobus xizmatidan foydalanishini va 4,9 foizi piyoda yurishini bildirgan. Jamoat transportidan ko‘proq ayollar (33,1 foiz) va yoshlar (36,5 foiz), shaxsiy transportdan erkaklar (33,1 foiz) foydalanishi ma’lum bo‘ldi.
So‘rovda ishtirok etgan poytaxt aholisining 74 foizi tirbandlikni asosiy muammolardan biri, 21 foizi o‘rta darajadagi muammo va 5 foizi boshqa muammolar qatorida unchalik muhim emas, deb hisoblashini bildirgan.
Tirbandlikdan avtobus va mikroavtobus yo‘lovchilari boshqalarga qaraganda ko‘proq aziyat chekmoqda. Shu bois avtobusdan foydalanuvchilarning 82,9 foizi, mikroavtobus yo‘lovchilarining 83,3 foizi tirbandlikni poytaxtning asosiy muammolaridan biri sifatida qayd etgan.
So‘rovda qatnashganlarning 62,2 foizi tartibsiz haydovchilar, qoidabuzarliklar, noto‘g‘ri parkovka, 57,6 foizi yo‘llardagi nosozliklar, 46,8 foizi o‘qishga qatnovchilar hamda 41,2 foizi ishga qatnovchilar tufayli faollikning ortishini tirbandlikni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar sifatida qayd etgan.
Respondentlar birinchi o‘rinda kichik halqa yo‘lidagi chorrahalarni (136 marotaba), Bunyodkor shoh ko‘chasidagi chorrahalarni (106 marotaba) tartibga keltirish lozimligini qayd etgan.
So‘rov ishtirokchilarining 41,8 foizi tirbandlik tufayli yo‘l uchun ko‘proq vaqt rejalashtirishini, 39,1 foizi tirbandlik yo‘q yo‘llardan yurishini, 16,9 foizi tirbandlik kamayishini kutishini aytgan.
Bildirgan fikrlar orasida jamoat transporti (avtobuslar) uchun infratuzilmalarni yaxshilash, parkovkalarni to‘g‘ri shakllantirish, ko‘pqavatli avtoturargohlar, piyodalar uchun yerosti o‘tish yo‘llari va ko‘priklar qurish, metro liniyalarini kengaytirish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash, raqamli boshqaruvga o‘tish kabi takliflar ko‘p uchraydi.
LiveBarchasi