Toshkentda tez yordamga bir kunda 4,5 mingdan ortiq chaqiriq kelib tushmoqda
Jamiyat
−
06 iyul 2021
10063Dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemik vaziyat juda tez o‘zgarmoqda. Ayniqsa, keyingi kunlarda O‘zbekistonda ham kasallanishlar soni sezilarli darajada ortgani, xususan, poytaxtda COVID-19 ga chalingan bemorlar kundan-kunga ko‘payib borayotgani barchada jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi Call-markazi bo‘lim boshlig‘i Nasiba Mahmudova shahar “103” xizmatining ayni kundagi faoliyati, chaqiruvlar soni, aholining koronavirus bilan kasallanish holati yuzasidan ma’lumot berdi.
“Sir emas, so‘nggi haftalarda yurtimizda “COVID-19” infeksiyasi tarqalishi yanada tezlashdi. Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yil boshidan 5 iyul holatiga ko‘ra, shahar tez tibbiy yordam xizmatiga jami yarim milliondan ziyod chaqiriq kelib tushdi”, deydi u.
Mahmudovaning ta’kidlashicha, yuqoridagi raqamlardan 8578 tasini pnevmoniya va koronavirus infeksiyasiga hamda boshqa yuqumli kasalliklarga chalingani gumon qilingan katta yoshli bemorlar, 630 tasini esa 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etgan.
Ayni paytda shahar “103” xizmati Call-markaziga bir kunda o‘rtacha 4500-4750 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Xususan, so‘nggi 10 kun ichida (25 iyundan 4 iyulgacha) jami 42 ming 740 ta chaqiriq kelib tushgan.
Shundan pnevmoniya belgilari kuzatilgan, koronavirus tashxisi qo‘yilgan yoki unga gumon qilingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan to‘rt ming nafarga yaqin bemorga sifatli tez tibbiy xizmat ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi