Toshkentda taksilar to‘liq elektromobillarga o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Toshkentda yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatiladigan harakat tarkibi to‘liq elektromobillarga o‘tkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Toshkent shahar transporti va yo‘l-transport infratuzilmasini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasida belgilangan.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda Toshkent shahrida yo‘nalishsiz taksi faoliyati orqali yo‘lovchilarga taksi xizmatini ko‘rsatish uchun yengil avtomobillarda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan yengil avtomobillar soni 11 000 dan ko‘p bo‘lib, taksi avtomobillarining tasarruf muddati o‘rtacha 15 yilni tashkil etadi.

Konsepsiyaga ko‘ra, Toshkent shahrida yo‘nalishsiz taksi faoliyatini rivojlantirish, yo‘lovchilarga sifatli, qulay, arzon va xavfsiz transport xizmati ko‘rsatish, mazkur xizmat turini raqamlashtirish hamda ilg‘or xorijiy tajriba va axborot texnologiyalarini joriy qilish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish belgilangan:

•  yo‘nalishsiz taksi xizmatida faoliyat ko‘rsatuvchi harakat tarkibiga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi yagona davlat standartlarini ishlab chiqish;

•  yo‘nalishsiz taksi faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish;

•  yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirayotgan avtotransport vositalarining tasarruf muddatini cheklash;

•  yo‘nalishsiz taksi xizmatini to‘liq elektromobillar va boshqa ekologik toza, “yashil” transport turlariga bosqichma-bosqich o‘tkazish;

•  yo‘nalishsiz taksi haydovchilari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni o‘zida jamlagan ID-kartalarni joriy qilish va ularni tegishli davlat organlari elektron axborot bazalariga integratsiyalashni ta’minlash;

•  yo‘nalishsiz taksilarning harakatini masofadan onlayn kuzatish va nazorat qilish tizimini joriy qilish;

•  haydovchini yo‘nalishga chiqish oldidan kunlik tibbiy ko‘rikdan va transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha elektron tizimni joriy etish;

•  yo‘nalishsiz taksi xizmati faoliyatiga ruxsat beruvchi litsenziya varaqalarining amal qilish hududini belgilash;

•  imkoniyati cheklangan fuqarolarga maxsus moslamali (pandus) taksi xizmatini yo‘lga qo‘yish;

•  aholi gavjum joylarda, vokzal va aeroportlarga tutash hududlarda alohida yo‘nalishsiz taksi to‘xtash joylarini tashkil qilish;

•  Toshkent shahri aholisi va mehmonlarining talablaridan kelib chiqib, ziyorat turizmining yanada jozibadorligini oshirish maqsadida, yo‘nalishsiz taksilarda hamda buyurtma asosida xizmat ko‘rsatadigan transport vositalarini turlarini (“Standart”, “Biznes”, “Ekonom”, “Komfort”) joriy qilish.

Loyiha 2022-2025 yilga mo‘’jallangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

269

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing