Toshkentda sug‘oriladigan yerlardan foydalanish maqbullashtiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda boshqaruv tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan shunday tartib o‘rnatilmoqdaki, unga ko‘ra, Toshkent viloyatidan Toshkent shahri Bektemir, Sergeli, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Yangihayot tumanlariga o‘tkazilayotgan sug‘oriladigan yer maydonlari, bog‘lar va tokzorlarda (keyingi o‘rinlarda - o‘tkazilayotgan yer maydonlari):

•    qishloq xo‘jaligi ekinlari yaxlit maydonlarga plantatsiya usulida joylashtiriladi;
•    aholi ishsizligini kamaytirish maqsadida ajratilayotgan hududlardagi 20 gektardan kam bo‘lmagan yerlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilib, lizing asosida 7 yil muddatga aholiga beriladi.

O‘tkazilayotgan yer maydonlarida har bir hududning ixtisoslashuvi, tuproq-iqlim sharoiti, yerlarning meliorativ holati, unumdorligi, suv bilan ta’minlanganligini hisobga olib hamda qayta ishlovchi, tayyorlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlarning talablaridan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligi ekinlari to‘liq ekiladi. Qayta ishlash va eksport hajmlarini 3 baravarga oshirish uchun qayta ishlash tashkilotlari, muzlatkichli omborxonalar va logistika markazlari 2021-2022 yillar davomida to‘liq ishga tushiriladi.

O‘tkazilayotgan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi va ularning ijrosi ustidan nazorat qilish vazifasi Bosh prokuraturaning Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasiga yuklatiladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida Toshkent shahar qishloq xo‘jaligi boshqarmasi tashkil etiladi.

O‘tkazilayotgan yer maydonlarida yerlardan foydalanishni tashkil etish va muhofaza qilish sohasida davlat nazorati Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

41

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing