Toshkentda soxta “prava”larni pullab kelgan jinoiy guruh qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
11 may
7172Toshkent shahrida soxta haydovchilik guvohnomalarini sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh qilindi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil o‘rtalarida Toshkent shahrida vaqtincha ro‘yxatda turib, IT kompaniyalaridan birida faoliyat yuritayotgan 2 nafar buxorolik yigit soxta haydovchilik guvohnomasini sotish rejacini tuzgan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va guruhlarda muayyan narx evaziga haydovchilik guvohnomasi sotilishi haqida e’lonlar tarqatgan.
Firibgarlar har bitta kategoriya bo‘yicha turli narxlar belgilagan. Masalan, A,B,C kategoriya uchun 3,5 mln so‘m, D, E uchun 4 mln so‘m, ham D, ham E uchun esa 5,5 mln so‘m to‘lanishi kerak bo‘lgan.
Ular fuqarolarga o‘zlarini IIO xodimlari sifatida tanishtirgan. Qilmishlari oshkor bo‘lib qolmasligi uchun begona shaxsdan bank plastik kartasini sotib olgan. O‘qimasdan osongina haydovchilik guvohnomasini olishni maqsad qilganlar esa ushbu kartalarga to‘lovni amalga oshirgan.
Yigitlar chuv tushgan fuqarolarni ishontirish maqsadida fotoshop orqali yasalgan soxta guvohnomalar rasmini yuborgan. Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlarda qonuniy yo‘l bilan “prava” olgan shaxslarning "mana guvohnomani oldim" mazmunidagi videolarni tarqatgan. Bundan tashqari, ular Rossiyada yashovchi fuqaro bilan internet orqali bog‘lanib, undan pul evaziga muayyan shaxsga tegishli fuqaroning haydovchilik guvohnomasi uskunadan chiqish jarayoni aks etgan video olgan va bu videolarni ham reklama tariqasida tarqatgan.
Aytilishicha, firibgarlikda gumonlanayotganlar o‘z mijozlari bilan hech qachon uchrashmagan. Ular onlayn muloqot chog‘ida ham yuzlarini ko‘rsatmagan.
Firibgarlarga ishonib, puli havoga uchgan fuqarolarning birortasi bu haqda shikoyat qilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi e’lonlarni ko‘rib qolgan IIO xodimlari tomonidan uyushgan jinoiy guruhni fosh etish chora-tadbirlari ko‘rilib, dastlab Toshkent viloyati Angren shahri Karvon mahallasida yashovchi shaxs qo‘lga olingan va gumonlanuvchidan noutbuk, uyali aloqa vositalari, bank kartasi va 10 mln 800 ming so‘m hujjatlashtirilib olingan.
Tezkor surishtiruvlar natijasida, jinoiy guruhning barcha a’zosi ushlangan. Qo‘lga olinganlar orasida jinoiy guruh faoliyatini boshqargan ikki nafar buxorolik yigit, qalbaki haydovchilik guvohnomasining fotosuratlarini yasagan dasturchi va ijtimoiy tarmoqda guruhlarni tashkil qilgan 6 nafar shaxs ham bor.