Toshkentda savdogarlardan “soliq” yig‘gan ayol ushlandi
3-sahifa
−
04 dekabr 2021 14112 2 daqiqa
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan Yunusobod tumani fuqarolaridan “soliq” yig‘ib yurgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda IIBB Matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, L. ismli fuqaro Yunusobod bozori atrofidagi yerosti yo‘lagida kiyim-kechak sotadigan savdogarlarga bu hudud unga qarashli ekanini aytib, joy uchun oyiga 250 dollardan pul olgan. Firibgarlikda ayblanayotgan ushbu shaxs 2021 yilning fevral oyidan noyabr oyiga qadar fuqarolardan 73 mln so‘m undirgan.
Mazkur hududda 9 oydan beri savdo qilayotgan savdogarlardan biri dastlab 1,5 mln, may oyidan boshlab esa 5 mlndan soliq to‘layotganini aytadi.
“Yunusobodda savdo qilish uchun joy bor deb eshitdim, shu uchun kelgandim. Qarasam, uzun joy turgan ekan, surishtirsam L. opaniki bo‘lib chiqdi. Shu joyda savdo qilsak bo‘ladimi desam, ijara haqi oyiga bir yarim mln so‘mdan boshlanishini aytdi. Mart-aprel oylarida 1,5 mln so‘mdan berdim. Keyin “har bir stolga 1,5 mln so‘mdan berasiz”, dedi. Maydan boshlab shu paytgacha 5 mln so‘mdan to‘lab, ishlab kelyapman”, deydi savdogarlardan biri.
Aldanib qolgan savdogarning so‘zlariga ko‘ra, L. “soliq”larni oyning har 10-kuni qabul qilib olgan. Agar pul vaqtida berilmasa, oyiga 6-7 mln so‘m "soliq" to‘laydiganlar borligini, yoqmasa chiqib ketishini aytib tahdid qilgan.
“Aybimni tan olaman. Bir ayoldan savdo qilishi uchun 200 dollar pul so‘radim, u beraman dedi. O‘sha pulni olayotgan paytimda IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, qamoqqa olindim. Qilgan ishimdan afsusdaman. Adashdim, uzr so‘rayman”, deydi u aybiga iqror bo‘lib.
Xabarga ko‘ra, Toshkent shahar IIBB tomonidan mazkur holat yuzasidan L. ismli shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Live
Barchasi