Toshkentda sakkiz oylik chaqalog‘i bilan vafot etgan ayol narkologiyada ro‘yxatda turgani aytildi
Jamiyat
−
09 aprel 2023
17848Joriy yilning 7 aprel kuni Toshkentning Mirobod tumanida 25 yoshli ayol va uning 8 oylik o‘g‘li o‘lik holda topilgani haqida xabar berilgandi. Marhuma ayol besh yildan buyon narkologiyada ro‘yxatda turgani aniqlandi. Holat yuzasidan “Zamon” informatsion dasturida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, ayol qizlik uyida ikki nafar farzandi bilan yerto‘lada yashagan. U o‘sha kuni dugonalari bilan uchrashib, soat 18:00 larda uyga qaytgan.
“Dam olgani yotgan. Gaz mo‘ridan ko‘tarilib, uyga urib yuborgan. Ular uxlab qolib bilmay qolgan. Singlisi uyga kirib, opasini chaqirganda javob kelmagan. Qarasa joni uzilgan bo‘lgan. Boshqa oila a’zolariga zarar yetmagan, ular boshqa xonada bo‘lgan”, deydi marhumaning tanishi.
Ushbu voqeadan so‘ng, xonadon egalari tomonidan tuman tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat kelib tushgan.
“Bu yerga soat 21:30 da yetib keldik. Uyning yerto‘lasiga tushsak, ona-bola o‘lib yotgan holatiga duch keldik. Onada ham, bolada ham tiriklik belgilari yo‘q edi. Ayolning ukasidan surishtirganimizda opasi besh yildan buyon psixiatriya va narkologiyada ro‘yxatda turar ekan. Biz kirganimizda eshiklar ochiq edi. Is gazini sezmadik. Bunaqa holatda og‘iz atrofidan ko‘piklar kelib turishi mumkin. Lekin biz unday holatlarni sezmadik”, deydi tez tibbiy yordam xodimi.
Xodimning so‘zlariga ko‘ra, ular yetib borganda marhumaning joni uzilganiga taxminan uch soat bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan bog‘lanilganda boshqarma hozirda ma’lumot bera olmasligini, o‘limga ovqatdan zaharlanish sabab bo‘lishi mumkinligini ham aytib o‘tgan.
Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi hamda tuman bo‘limlariga ovqatdan zaharlanish bo‘yicha ma’lumot kelib tushmaganini ma’lum qilgan. Qo‘mita xodimiga ko‘ra, ona va bolaning o‘limida bu kabi taxminlar hech qanday asosga ega emas.
Hozirda ona va bolaning o‘limi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi