Toshkentda odam o‘g‘irlagan soxta “GAI” va uning jinoiy guruhi qamaldi
3-sahifa
−
17 may 2023
8087Toshkent shahrining Olmazor tumanida odam o‘g‘irlash, bosqinchilik va boshqa qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan to‘rt nafar shaxsga hukm o‘qildi. Bu haqda “Millar” dasturi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, jinoiy guruh a’zolaridan biri YPX inspektori formasini kiyib, fuqaroni yo‘lda to‘xtatgan va uni o‘g‘irlab ketgan. Dastlab jabrlanuvchidan 7 ming AQSH dollarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan va undan yana katta miqdorda pul talab qilgan. Shuningdek, fuqaro agarda so‘ralgan pullarni bermasa jinoyatchilar jabrlanuvchining barmoqlarini kesib, oila a’zolarini o‘ldirish bilan qo‘rqitgan. Jabrlanuvchi o‘zini olib ketayotgan mashinadan tushib qolib, odamlarni yordamga chaqirgan.
Xodimlarning tezkor harakatlari natijasida gumonlanuvchilarning barchasi qo‘lga olingan. Mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmi bilan 1980 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismining “b”, “v” bandlari, 28, 164-moddasi (bosqinchilikda tashkilotchi) 2-qismining “a, b, v” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismining “a” bandi, 28, 267-moddasi (transport vositasini olib qochishda tashkilotchi) 2-qismining “b”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi va 15 yil ozodlikdan mahrum qilindi.
Shuningdek, 1997 yilda tug‘ilgan sudlanuvchiga 13 yil 6 oy va 1981 yilda tug‘ilgan sudlanuvchiga 13 yil 9 oy, 1994 yilda tug‘ilgan sudlanuvchiga esa 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sudlanuvchilardan solidar tartibda jabrlanuvchi foydasiga 437 million so‘m undirilishi belgilangan.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi