Toshkentda nigeriyalik o‘qituvchi tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olindi
Jamiyat
−
19 aprel 2021
9809Toshkentda O‘zbekistonga ingliz tilidan dars o‘tish maqsadida kelgan nigeriyalik o‘qituvchi tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 14 aprel kuni Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi, JQB va DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, O‘zbekiston Respublikasiga ingliz tili fani bo‘yicha o‘qitish maqsadida kelgan nigeriyalik 34 yoshli O.Innosent tanishi X.O. ni o‘z uyida mehmon qilib, uning ichimlik suviga noma’lum modda qo‘shib bergani aniqlangan.
U X.O. sarxush holatga kelganidan foydalanib, tanishini rasmga tushirgan va ushbu suratlarni Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatib yubormasligi evaziga 5 mln so‘m pulni talab qilib, Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan to‘yxona oldida X.O.dan 2 mln so‘m pulni tovlamachilik yo‘li bilan olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O.Innosentga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov davomida jinoyatning kelib chiqish sabablari to‘liq o‘rganilib, huquqiy baho berilishi ta’minlanadi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi