Toshkentda narkolaborotoriya tashkil etgan yoshlar ushlandi (video)
Jamiyat
−
15 dekabr 4138 2 daqiqa
Toshkent shahrida ijaraga olingan xonadondan narkolaboratoriya sifatida foydalangan bir guruh yoshlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbirlar davomida Yashnobod tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 276-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan sudlangan shaxs hamda Toshkent viloyati Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 2006 yilda tug‘ilgan fuqaro ushlangan. Ulardan ashyoviy dalil sifatida 507 dona “Pregabalin” va 52 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olingan.
Shundan so‘ng, tezkor tadbirlar davom ettirilib, ushbu shaxslar tomonidan ijaraga olingan xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Natijada mazkur manzilda narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlangan. Ko‘zdan kechirish jarayonida 4 kg 326 gramm kukun ko‘rinishidagi “Pregabalin” moddasi, 200 gramm “Tropikamid”, shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tayyorlashda foydalaniladigan 71 kg kimyoviy moddalar, ularni qadoqlash uchun mo‘ljallangan flakon va kapsulalar rasmiy tartibda hujjatlashtirib olingan.
Gumonlanuvchilar narkolaboratoriya tashkil etgan zahoti qo‘lga olingani sababli qo‘lbola usulda tayyorlangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni sotishga ulgurmagan. Shu tariqa 208 ming dona bir martalik dozaning aholi orasida tarqatilishining oldi olingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi (Bakteriologik, kimyoviy va boshqa xil yalpi qirg‘in qurollari turlarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish, to‘plash, olish, birovga o‘tkazish, saqlash, qonunga xilof ravishda egallash va ular bilan boshqa harakatlarni sodir etish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Qonunchilikka ko‘ra, bunday noqonuniy harakatlarni sodir etgan shaxslar 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Telegram orqali narkotik sotayotganlar ushlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi