Toshkentda Moskva migratsiya markazining vakolatxonasi ochildi

Jamiyat

image

Toshkentda Moskva Ko‘p tarmoqli migratsiya markazining (KMM) vakolatxonasi ochildi. Bu haqda Moskva shahrining Iqtisodiy siyosat va rivojlanish departamenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, tashkilot poytaxtning Yashnobod tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazi binosidan o‘rin olgan. Rejavali Xaitov esa vakolatxona rahbari etib tayinlangan.

KMM vakolatxonasining vazifalariga quyidagilar kiradi:

•  Moskvadagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida O‘zbekistonda axborot tarqatish va moskvalik ish beruvchilarga kerakli malakaga ega mutaxassislar mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot berish;

•  onlayn suhbatlar tashkil etish va mehnat muhojirlarining kasbiy mahoratini baholash;

•  Rossiya Federatsiyasi hududiga kirish va mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniyatlarini tekshirish;

•  mehnat muhojirlariga ishga joylashish masalalari, ishlashga ruxsat berish tartibi, Moskvada qolish qoidalari, shu jumladan pandemiya bilan bog‘liq cheklovlarni hisobga olgan holda maslahatlar berish;

•  migrantlarning Rossiyaga kirishini, shu jumladan COVID-19 uchun testning salbiy natijasini tasdiqlovchi tibbiy hujjat mavjudligini nazorat qilish.

Moskva Iqtisodiy siyosati va rivojlanish departamenti boshlig‘i Kirill Purtovga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Rossiya Federatsiyasi poytaxti bilan mehnat muhojirlarini uyushgan ravishda yollash doirasida hamkorlikni boshlagan birinchi mamlakat bo‘lgan.

Qayd etilishicha, Moskvada har yili beriladigan 460 mingga yaqin mehnat patentining yarmi o‘zbekistonliklar hisobiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning fevral oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning 200 mingdan ortiq fuqarosi Moskvada bo‘lib turibdi, ularning 90 foizi mehnat muhojirlari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasidan borgan mehnat muhojirlarining 40 foizdan ortig‘i Moskvadagi qurilishlarda, 15 foizga yaqini uy-joy kommunal xo‘jaligida, 10 foizga yaqini poytaxtdagi sanoat va savdo ob’ektlarida ishlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

342

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing