Toshkentda millionta ko‘chat o‘tqaziladi – Hukumat qarori

Jamiyat

image

Toshkent shahar umumiy maydonining ko‘kalamzorlashtirilishi 2023 yilgacha 30 foizga yetkaziladi, bu shahar va tumanlar hokimlarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilanadi. Daraxt ko‘chatlari ilmiy-tadqiqot natijalariga ko‘ra iqlimga moslari tanlab olinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Toshkent shahrining kamida 60 gektar yer maydonida attraksionlardan holi bo‘lgan jamoat istirohat bog‘i hamda har bir tumanda kichik yashil istirohat bog‘lari tashkil etiladi.

Bektemir va Uchtepa tumanlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish vazifalari autsorsing asosida tadbirkorlarga beriladi. Bu borada kelasi yil huquqiy eksperiment o‘taziladi.

2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumlarida Toshkent shahrida 1 mln tup ko‘chat ekiladi. Aksiya o‘tkaziladi.

Toshkentda 2021–2022 yillarda 1500 ta quduq qaziladi. Ushbu maqsadlarga 225 mlrd so‘m sarflanadi.

Poytaxtda 131 km uzunlikda piyodalar yo‘laklari, 127 kilometr veloyo‘laklar quriladi. Ushbu maqsadlarga 62 mlrd so‘m sarflash rejalashtirilgan.

Toshkent shahri mahallalarida 12 ta sayilgoh va 25 km uzunlikda veloyo‘lak quriladi. Bunga 30 mlrd so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

29

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing