Toshkentda MIB, soliq, bojxona xodimlari pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
05 noyabr
6631Toshkent viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida olib borilgan tezkor tadbirda bojxona posti inspektor-surishtiruvchisi va soliq hamda Majburiy ijro byurosi xodimlari pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Majburiy ijro byurosining Qibray tuman bo‘limi davlat ijrochisi fuqaroning kredit qarzdorligi sababli xatlovga olingan mol-mulkini auksion savdoga chiqarmaslik hamda unga nisbatan o‘zining ish yurituvida bo‘lgan ijro ishini tugatib berish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilib, dastlab 2 ming AQSH dollari olgan. U qolgan 3 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zangiota tumanida kuzatilgan holatda, tuman soliq inspeksiyasining sho‘’ba boshlig‘i vazifasini bajaruvchi shaxs qurilish mollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oilaviy korxonaning faoliyatiga rahnamolik qilish va 1 yil davomida tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga 1200 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Keyingi holatda esa Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara bojxona posti inspektor-surishtiruvchisi taqiqlangan tovarlarni tadbirkor tomonidan O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha sodir etilgan huquqbuzarlikni sudda ko‘rib chiqishda mansabdor tanishlari orqali unga yengillik yaratib berish va ushbu tovarlarni respublikadan qaytarib olib chiqib ketishida yordam berish evaziga 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan. Tergovga qadar tekshiruv davomida bojxona inspektori mazkur masalada ko‘maklashish uchun muqaddam 300 AQSH dollari olgani ham ma’lum bo‘lgan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo, Navoiy, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida bir necha tuman hokimlarining o‘rinbosarlari va yordamchilari tomonidan sodir etilgan pora olish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgandi. Xovos tumani hokimining o‘rinbosari esa 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
LiveBarchasi